DAOSIZM

DAOSIZM (Dao so’zidan) — 1) qadimgi Xitoy falsafasidagi yo’nalishlardan biri; Dao haqidagi ta’limot. Miloddan avvalgi 6-5-asrlarda vujudga kelgan. Asoschisi Lao-szi hisoblanadi, uning g’oyalari «Dao de Szin» kitobida bayon etilgan. Daosizm vakillari — miloddan avvalgi 4— 3-asrlarda yashagan Yan Chju, in Ven, Chjuan-szi. Daosizmga ko’ra, tabiat va inson hayoti «ilohiy samoviy qonun»ga bog’liq emas, balki narsalarning tabiiy yo’li, qonuni — «Dao»ga asoslanadi. Yan Chju fikricha, hayotning tabiiy qonunlari — «Dao»ga rioya qilish insonga «o’z tabiatini butunlikda saqlab qolishga» imkon beradi. Daosizm dunyodagi hamma narsalarda qarama-qarshiliklar kurashi yotadi, ular o’zgarishda, harakatda: «bir xil narsalar ketib, boshqa xil narsalar keladi, ba’zi narsalar gullaydi, ba’zilari so’nadi», deb hisoblaydi. Daosizm ta’limotida insonga o’zidagi majburiyat va burch kishanlarini uloqtirib tashlab, tabiatga yaqin bo’lgan hayotga qaytish da’vati bor. 2) Xitoyda tarqalgan 3 dindan (Konfutsiychilik, buddizm bilan bir qatorda) biri. Daosizm falsafiy ta’limoti asosida paydo bo’lgan. 1-3 asrlarda vujudga kelgan. Chjan Daolin asos solgan (2-asrning 1-yarmi). Daosizm urf-odatlari animizmga va sehrgarlikka ishonishga asoslangan. Konfutsiychilik, buddizm elementlari ham bor. Daosizm dinida 3 Xudo — Shandi, Laoszi hamda dunyoning yaratuvchisi Pan gu boshchiligida xudolar panteoni shakllangan. 5-asrdan Daosizm diniy ta’limoti, marosimlari rasmiylashgan va davlat dini bo’lib qolgan. 12-asrga kelib Daosizmning adabiyotlar to’plami — «Dao Szan» vujudga keldi. Daosizm boshqa dinlar kabi ko’plab sektalarga ajralib ketgan. Daosizm kohinlari shaxsning axloqiy o’z-o’zini takomillashtirish g’oyasini targ’ib qilib, dindorlarga uzoq umr ko’rishning muayyan usulini ham taklif qiladilar, bu usul parhezni, jismoniy mashqlar tizimi va boshqalarni o’z ichiga oladi. Ayni vaqtda kohinlar yovuz ruhlarni haydash, fol ochish bilan ham shug’ullanadi. Keyinchalik Daosizm Xitoyda o’zining ilgarigi mavqeini yo’qotib o’rnini boshqa dinlarga bo’shatib bergan. Hozir uning tarafdorlari nisbatan ozchilikni tashkil qiladi.