DARVESHXON

DARVESHXON, Darvesh Sulton (?-1578 yil dekabr) — Toshkent va Turkiston hokimi (1556-78). Shayboniylardan. Baroqxon (Navro’z Ahmadxon) ning to’ng’ich o’g’li. Suyunchxo’jaxonning nabirasi. Ukasi bobo Sulton bilan birgalikda Movarounnahrda hukmron bo’lish uchun Buxoro xoni Iskandarxon va Abdullaxon II ga qarshi urushlar olib borgan. Xususan, 1557 yil Ilono’tti mavzeida Abdullaxon bilan jang qilgan, unda Abdullaxon Darveshxonga yordamga oshiqqan bobo Sulton qo’shinini Darveshxon bilan birlashishiga yo’l qo’ymay, ularni alohida-alohida yenggan. Darveshxon bu mag’lubiyatdan so’ng bir muncha vaqtgacha Abdullaxon bilan ittifoqlikda bo’lgan, jumladan, Abdullaxon II ning Xurosonga qilgan yurishida (1567) Darveshxon o’z birodari (ukasi) Tohir sultonni ko’p qo’shin bilan yordamga yuborgan. Biroq Bobo Sulton Abdullaxonga bo’yin egmay kurashni davom ettirgan, u 1578 yil qishida Toshkentda isyon ko’tarib Darveshxonni qatl etgan. Bundan xabar topgan Abdullaxon Darveshxonning o’chini olish bahonasida Toshkentga yurish qilib, Chirchiq jangida (1579 yil 18 aprel) Bobo Sulton qo’shinini tor-mor keltirgan. Bobo Sulton Turkistonga qochib ketgan. Manba: Hofiz Tanish Al-Buxoriy, Abdullanoma, 1 — va 2-kitob, T., 1999- 2000. Ad.: Axmedov B.A., Istoriya Balxa, T., 1982; Istoriya Uzbekistana, t.Z, T., 1993; Materiali po istorii kazaxskix xanstv XV— XVIII vekov, Alma-ata, 1969.