DARVISHALI CHANGIY

DARVISHALI CHANGIY (to’la ismi: Darvish Aliyi Changiy al-Xoqoniy ibn Mirzo Ali Changiy ibn Abdulali Qonuniy ibn Xo’ja Abdullo Muhammad Marvarid; 16-asr, Hirot — 17-asrning 20-yillari, Buxoro) — musiqashunos, bastakor, sozanda, Hofiz va shoir. Yoshligidan musiqaga qiziqib, Xojagiy Ja’far Qonuniy, Ali Do’st Noyi, Amir Masti Qobuziy, Xasan Kavkabiylardan ta’lim olgan. Movarounnaxr va Xuroson madaniy markazlari (Buxoro, Balx, Andijon, Kesh, Samarqand kabi shaharlar) da yashab ijod qilgan. She’rlarini Changiy taxallusi bilan yozgan. Bir qancha qasida, g’azal, ruboiylari va «Risolai musikiy» asarlari bizgacha yetib kelgan. «Risolai musiqiy»ning 1-nusxasi, 1572; 2-nusxasi «Tuhfatus-surur» («Shodlik armug’oni») nomi bilan ham mashhur, taxminan 1611, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi, inv. №№ 449, 468. Mazkur risola 16-17-asrlar musiqa madaniyatining asosiy manbai sifatida katta ilmiy ahamiyatga ega. Fors tilidagi 12 bobdan iborat bu qo’lyozma Jomiy va Kavkabiy risolalari hamda Husayn Oxun, Imom Kuliy Udiy, Zaytun G’ijjakiy kabi musiqa ustodlarining asarlaridan to’plangan ma’lumotlar asosida yozilgan. Muallif Amir Xusrav Dehlaviynchig musiqiy qarashlarini ham o’z asariga kiritgan. Unda 16— 17-asrlardagi musiqa hayoti, bastakorlik san’ati, musiqa sozlari, musiqiy-nazariy (o’n ikki maqom, iyqo’va boshqalar) va ijrochilik masalalari o’zining ifodasini topgan. Risolaning tarixiy boblari adabiy tazkiralar uslubida yozilib, Movarounnahr va Xuroson musiqa arboblarining tarjimai holi, afsonaviy va tarixiy shaxslar (podshoh Bahrom va Dilorom Changiydan boshlab, Firdavsiy, Rudakiy, Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro va o’zining hamasrlari) ga bag’ishlangan. Darvish Changiy ulug’ bastakor sifatida naqsh, amal, savt, peshrav shaklidagi kuylar yaratgan. Ad.: Semyonov A.A., Sredneaziatskiy traktat po muzike Dervisha Ali (XVII v.), T., 1946. Dilbar Rashidova.