DARVOZ TIZMASI

DARVOZ TIZMASI — Pomirning g’arbiy qismidagi tizma. Obixingov, Panj va Vanch (Panj havzasi) daryolari oralig’ida. Shimoli-sharqdan Janubi-g’arbga 200 kilometr cho’zilgan, shimoli-sharqda Fanlar akademiyasi tizmasiga tutash. Darvoz tizmasi paleozoy va mezozoyning ohaktosh, qumtosh, gilli slanes, konglomerat, shuningdek kristalli slanes va granitlaridan tarkib topgan. Tizmaning Sharqiy qismi baland (6083 metr), tepalarida muzlik ko’p. Muzliklarning umumiy maydoni 420 kilometr kvadrat, ayrim muzliklarning uzunligi 12-15 kilometr. Tizmaning g’arbiy qismi past (3000— 3700 metr) bo’lib, yon bag’irlarida dasht o’simliklaridan sho’ra-shuvoq, chalovshuvoq-betaga, ayrim joylarda daraxt va butalar o’sadi. Shimol yon bag’irlarida zarangzor, yong’oqzor, Janub yon bag’irlarida archazor, bodomzorlar bor. 3500-3700 metrdan yuqorida subalp va Alp o’tloqlari uchraydi. 4200-4500 metrdan yuqori qismlari doimiy qor va muzliklar bilan qoplanib yotadi. Bu yerlarda arxar va burama shoxli takalar yashaydi.