DUNBULOQ

DUNBULOQ — Qirg’izistonning O’sh viloyatidagi qadimgi turar joy xarobasi (O’zgandan 5 kilometr shimolda, yassi daryosining chap sohilida). Maydoni 30×270 metr. Ichki qo’rg’onining maydoni 90×50 metr. Uch tomoni xandaq bilan o’ralgan, to’rtinchi tomoni jar. Arxeologik qazishlar natijasida Dunbuloqning qalin madaniy qatlami (10 metr atrofida) ochilgan. U 3 bosqichdan iborat. Birinchisi miloddan avvalgi 3-1-asrlarga oid, undan chiziqli och qizil naqsh solingan kulolchilik buyumlari topilgan; ikkinchisi milodning dastlabki asrlariga oid; unda sopol idishlar bilan birga bo’rtma naqsh solingan idishlar, yorg’uchoq, idish bo’yagich hamda tosh va suyakdan ishlangan zeb-ziynat buyumlari ko’p uchraydi; uchinchisi 6— 8-asrlarga oid; bu bosqichda qo’lda yasalgan va chiziqli, qabariq va kungurali naqshlar solingan idishlar tarqalgan. Dunbuloq yodgorliklari Farg’ona vodiysi qabilalarining antik va ilk o’rta davrlariga oid dehqonchilik madaniyatini aniqlashga yordam beradi.