DUNYOQARASH
DUNYOQARASH — dunyoga va insonning undagi o’rniga, kishilarning o’z atrofidagi voqelikka va o’z-o’ziga munosabatiga bo’lgan umumiy qarashlar tizimi, shuningdek, bu qarashlarga asoslangan odamlarning e’tiqodlari, ideallari, bilish va faoliyat tamoyillari. Dunyoqarash kishining yoshi, hayotiy tajribasi, bilimi, mafkurasi bilan bog’liq. Dunyoqarashda jamiyatda shakllangan falsafiy, ilmiy, diniy, siyosiy, axloqiy, huquqiy, estetik bilimlar, qarashlar o’z aksini topadi. Shaxsning Dunyoqarashi ijtimoiy munosabatlar bilan chambarchas bog’langan. Dunyoqarash insonning o’zini va dunyoni zaruriy ravishda anglashi hamda baholashi asosida shakllanadi. Bu jihatdan Dunyoqarash voqelikning inson ongidagi sub’yektiv in’ikosidir. Ayrim individning ongi bilan bog’langan individual Dunyoqarash, muayyan ijtimoiy guruh, qatlam, sinf, millat va jamiyat miqyosidagi ijtimoiy ong bilan bog’langan ijtimoiy Dunyoqarash mavjud. Bular bir-birini to’ldiradi, bir-biriga ta’sir qiladi, bir-birini rivojlantiradi. Dastlab individ dunyoni hissiy sezadi (dunyoni his qilish). Bunda individ voqelikni bevosita hissiy in’ikos etish natijasida anglaydi. Keyin voqelik haqida to’plagan bilimlari asosida individning Dunyoqarashi paydo bo’ladi. Bu dunyoni anglash deyiladi. Shaxsning dunyoni anglashi orqali uning o’zini anglashi ham shakllanib boradi. Shu tariqa dunyo haqidagi barcha bilimlar yuksak darajada umumlashtiriladi va yaxlit Dunyoqarash shakllanadi. Dunyoqarash insoniyatning tarixiy taraqqiyoti mobaynida rivojlanib borgan. Uning quyidagi shakllarini kursatish mumkin: 1. Mifologik yoki afsonalarga tayanuvchi Dunyoqarash. U voqelik haqidagi mifologik bilimlar to’plangan va tizimga solingan bir davrda vujudga kelgan, borliqning inson ongidagi xayoliy in’ikosi sifatida qadimgi davr kishilari uchun xos bo’lgan. Ular voqelikni turli rivoyatlar va afsonalar asosida tasvirlab, uni qahramonlar, yovuz va xayrli kuchlarni aks ettiruvchi obrazlar tarzida bilishgan. Tabiatdagi jonsiz jismlarni jonlantirib, olov, suv, havo, tabiat hodisalarini ham muayyan jonli obrazlarning namoyon bo’lishi deb hisoblashgan. 2. Diniy Dunyoqarash. U olamdagi voqea va hodisalarning sabablarini ilohiy, g’ayritabiiy kuch bilan bog’lab tushuntiradi. Diniy e’tiqod, tuyg’u, diniy aqidalarga ishonish, ilohiy kuchlarga sig’inish diniy Dunyoqarashning muhim jihatlari hisoblanadi. 3. Turmush bilan bog’langan (kundalik) Dunyoqarash. Unda aqlga sig’adigan tasavvurlar, olam va odam to’g’risidagi oddiy an’anaviy qarashlar aks etadi. 4. Falsafiy Dunyoqarash. Unda butun borliq, tabiat, jamiyat, inson ruhiyati va tafakkurining eng umumiy jihatlari idrok etiladi, shu asosda olamning umumlashgan nazariy modeli yaratiladi. Falsafiy Dunyoqarash dunyoqarashning boshqa shakllariga tayanadi, ulardagi umumiy qonuniyatlarni, jihatlarni anglashga harakat qiladi. Falsafiy Dunyoqarashning shakllanishi va rivojlanishi falsafaning paydo bo’lishi bilan uzviy bog’liq. Inson voqelikka muayyan maqsad, manfaat va qiziqishlardan kelib chiqib yondashadi. Dunyoqarashning mafkura bilan bog’langanligining sababi ham shundadir. Dunyoqarashning ko’lami, mazmuni, markazi yoki tayanch nuqtasi kabi jihatlari bor. Dunyoqarash ko’lami individning butun hayoti mobaynida rivojlanib, kengayib boruvchi jihatini ifodalaydi. Dunyoqarash mazmun i individ ongida voqelikning xilma-xil jihatlari qay darajada qamrab olinganligini aks ettiradi. Dunyoqarash markazi yoki tayanch nuqtasi deganda, individning qanday shaxsiy hamda ijtimoiy manfaatlar majmuasi doirasidan turib olam haqida fikr yuritishi tushuniladi. Inson o’z hayotida o’zidan ilgari o’tgan kishilarning turmush tajribasiga, to’plagan bilimlariga tayanadi. Dunyoqarash kishilarning axloq me’yorlari, hayotdagi intilishlari, qiziqishlari, mehnat va turmushlariga ta’sir ko’rsatib, katta amaliy ma’no kasb etadi. Baxtiyor To’rayev.