DONISHMANDIYA DAVLATI
DONISHMANDIYA DAVLATI — Kappadokiya viloyati hududida bo’lgan qadimgi davlat (1071 — 1165). Poytaxti — Sivas shahri. Donishmandiya Davlatiga turkman amirlaridan biri — G’ozi Ahmad ibn Ali ibn Nasr donishmand (7-1106) asos solgan bo’lib, Abbosiy xalifa Al-qoim Biamrilloh (1031-75) unga o’zi Rumda fath qilgan yerlar (Malotiya yoki Melitena, Sivas) ni in’om etgan. Keyin, u o’z davlati hududini Qastamuniy shahriga qadar kengaytirganda, Niksor (Niksar) ni qamal qilayotganda shahid bo’lgan. Uning avlodlari (G’ozi Muhammad ibn Donishmand, Yog’iy Bason Abulmuzaffar Nizomuddin ibn Muhammad, G’ozi Jamoluddin ibn Nizomuddin, Ibrohim ibn Muhammad ibn donishmand, Abulfido Ismoil ibn Ibrohim) Amosiya (Pont), Anqira (Anqara), korum va boshqa bir qancha shaharlarni fath etib, Donishmandiya Davlati hududini yanada kengaytirganlar, vizantiyaliklar va salibchilarga qarshi muvaffaqiyatli urush olib borganlar, Malotiya ostonasida franklarnn tor-mor keltirganlar. Donishmandiya Davlati 1165 yil Saljuqiylar tomonidan tugatilgan.