DIAPAUZA
DIAPAUZA (Yunoncha diapausis — to’xtash, dam olish) — hayvonlar hayot faoliyatining tinim davri; bunda umumiy modda almashinuvi pasayadi. Diapauzaning vujudga kelishiga tashqi muhim sharoitlari: ozuqa sifati, namlik, harorat, kun uzunligining mavsumiy o’zgarishlari sabab bo’ladi. Bu sharoitlar ta’sirida, masalan, hasharotlar organizmida anatomik-gistologik, fiziologik va biokimyoviy o’zgarishlar yuz beradi, ya’ni rivojlanish vaqtincha to’xtaydi, kislorodni o’zlashtirish kamayadi, erkin suv kolloid holatga o’tadi, yog’ tanachalari hujayralarida eng ko’p miqdorda zaxira qatlamlar (ba’zi turlarda yog’lar, boshqalarida esa yog’-oqsil donalari) to’planadi. Bu belgilari bilan Diapauza karaxtlik (uyqu)dan farq qiladi. Diapauza organizmning sovuqqa chidamli bo’lib, qishlab chiqishini ta’minlaydi. Quruq subtropik va tropik iqlimda yozgi Diapauza, ya’ni estivatsiya kuzatiladi. Har bir biologik turda Diapauza organizmi hayot tsiklining ma’lum fazalarida sodir bo’ladi, hasharotlarda tuxum, qurt (lichinka), g’umbak yoki imago (voyaga yetgan) rivojlanish davrlariga to’g’ri keladi. O’simliklarni himoya qilishda Diapauza to’g’risidagi ma’lumotlar ekinlar zararkunandalarining paydo bo’lish va rivojlanish davrini prognozlash (qisqa va uzoq muddatli) da hisobga olinadi. Sulton Alimuhamedov.