DILBARJIN
DILBARJIN — qadimgi shahar xarobasi (miloddan avvalgi 5 — milodiy 4-asr). Afg’onistonning Balx shahridan 40 kilometr shimoli g’arbda joylashgan. Yunon-Baqtriya va Kushon podsholiklari davrida ravnaq topgan. Sovet-afg’on ekspeditsiyasi qazish ishlari olib borgan (1970-78). Xaroba to’rtburchak shaklda, mudofaa devori (umumiy uzunligi 1,5 kilometr, qalinligi 3,5 metr) bilan o’ralgan. Bir necha burji, 4 darvozasi, atrofi xandaq bo’lgan. Shahar markazida 20 metr balandda alohida mudofaa devori (uzunligi 600 metr) bilan o’ralgan shoh saroyi joylashgan, uning bir darvozasi bo’lib atrofi xandaq bilan o’ralgan. Shahar hududida budda ibodatxonasi, devoriy rasmlar bilan bezatilgan yirik bino, xumdon, mudofaa devorlari xarobalari tekshirilgan. Dilbarjindagi binolar hashamatli qilib bezatilgan. Bir xona devoriga otga suyanib turgan shaxslarning to’q-qizil, sariq, ko’k, binafsha, jigarrang rasmlari (balandligi 2,13 metr) ishlangan. Boshqa xonada ho’kiz minib turgan qind xudolari Shiva va Parvati rasmlari tasvirlangan. Yana bir xonaning devorida tik turgan 12 kishi va qo’llarida qadah ushlab o’tirgan ikki qator shaxslar tasviri ishlangan, tasvirlarning boshlari orasiga qadimgi hind-Brahma yozuvi bitilgan. Rasmlar Hindistonning qadimgi san’atiga taqlid qilib ishlangan bo’lsada, Bolaliktepa va Panjikent devoriy rasmlariga juda o’xshashdir. Dilbarjindan, shuningdek, spool idishlar, mis tangalar, yunon yozuvi bitilgan tosh bo’lagi ham topilgan. Ad.: Kruglikova I. T., Pugachenkova G. A., Dilberdjin, M., 1977; Drevnyaya Baktriya, M., 1984.