DINIY O’QUV YURTLARI

DINIY O’QUV YURTLARI — ruhoniylar tayyorlovchi maktablar. Diniy marosim va odatlar xilma-xil tusga kirib ko’payib ketgach, ularni bilib olishga ehtiyoj tug’ilganligi munosabati bilan paydo bo’lgan. Dastlabki Diniy o’quv yurtlari miloddan avvalgi 2-ming yillikda qadimgi Misr va Bobil ibodatxonalarida (kohinlar tayyorlash uchun) ochildi. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning o’rtalarida Hindistonda va Markaziy Osiyo quldorlik davlatlarida budda monastirlarida paydo bo’ldi. Hindistonda monastirlar bilan bir qatorda brahman maktablari tashkil topdi. Xristianlik paydo bo’lgach, Iskandariyada birinchi katolik maktabi (2-asr oxiri), Quddusda, Rim va Rim imperiyasining shaharlarida episkop maktablari, ekzegetlar («qadimgi ahd» va «yangi ahd» kitoblarini sharhlovchi) maktablari va boshqalar yuzaga kela boshladi. Universitetlar vujudga kelishi (11 —12-asrlar) bilan ularda ilohiyot fakultetlari ochildi. Keyinroq maxsus diniy universitetlar, akademiyalar, seminariyalar, kollej va kollegiumlar paydo bo’ldi. Islom dinida madrasalar ilk Diniy o’quv yurtlari hisoblanib, ular diniy va tarixiy asarlarda 9-asrdan tilga olina boshlagan. Ularda ko’p asrlar mobaynida ilohiyot, til va shariat darslari bilan bir qatorda falsafa, amaliy fanlar ham o’qitilgan. Keyinchalik madrasalarda asosan diniy ta’limgina beriladigan bo’ldi. Faqat ayrim musulmon dorilfununlarida ta’lim avvalgicha qoldi. Jahondagi ko’p mamlakatlarda oliy, o’rta va boshlang’ich ma’lumot beruvchi ko’plab Diniy o’quv yurtlari mavjud. Islom mamlakatlarida madrasalar asosiy Diniy o’quv yurtlari hisoblanadi. Misrda al-Azhar, Tunisda zaytun, Hindistonda Aligarx, Pokistonda Panjob, Turkiyada Anqara diniy dorilfununlari va boshqalar mavjud. O’zbekistonda ham Diniy o’quv yurtlari faoliyat ko’rsatadi. Bular: Toshkentdagi Imom al-Buxoriy nomidagi Islom instituti, Buxorodagi Mir Arab madrasasi, shuningdek, Toshkentdagi Xadichai Kubro, Buxorodagi Jo’ybori Kalon ayol-qizlar Islom o’rta maxsus bilim yurtlari, Namangandagi Mulla qirg’iz, Urganchdagi Faxriddin ar-Roziy, Nukusdagi Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy, Andijondagi Sayd Muhiddin Maxdum Islom o’rta maxsus bilim yurtlari, Toshkent pravoslav diniy seminariyasidir. Diniy mutaxassislarning malakasini oshirib borish maqsadida O’zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent Islom universiteteti bilan hamkorlikda maxsus kurslar tashkil qilgan.