DIREKTORLAR KENGASHI

DIREKTORLAR KENGASHI, aktsiyadorlik jamiyati direktorlar kengashi — aktsiyadorlik jamiyatining aktsiyadorlar umumiy yig’ilishida saylanadigan rahbar ijroiya organi; aktsiyadorlarning umumiy yig’ilishlari oralig’ida jamiyatni boshqarish, muhim muammolarni yechish bilan shug’ullanadi. Direktorlar kengashi jamiyatning operativ boshqaruv ishlarini bajaradigan jamiyat boshqaruvini, ijrochi direktorii tayinlaydi. Direktorlar kengashiga korxona rahbari, rahbar o’rinbosarlari, yirik mutaxassislar, korxona tarkibiga kiruvchi kichik korxona rahbarlari va boshqalar saylanadi. Yirik korxona (uyushma, korporatsiya) ning rahbari Direktorlar kengashining raisi etib saylanadi. Direktorlar kengashining yig’ilishi vaziyatga ko’ra har chorakda bir marta o’tkaziladi. Yig’ilish kun tartibi bir oy oldin kengash a’zolariga e’lon qilinadi. Direktorlar kengashi qarorlarini aktsiyadorlik jamiyatining barcha a’zolari bajarishi shart.