EHTIYOT CHORASI
EHTIYOT CHORASI (huquqda) jinoyat qilishda ayblanuvchi shaxsga nisbatan qo’llaniladigan prosessual majburlov chorasi. O’zbekiston Respublikasi JPKga ko’ra, ehtiyot choralari surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan ayblanuvchi, sudlanuvchining surishtiruv, dastlabki tergov, suddan bo’yin tovlashining va bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish, ish bo’yicha haqiqatni aniqlashga halal beradigan urinishlariga yo’l qo’ymaslik, hukmning ijro etilishini ta’minlash maqsadlarida qo’llaniladi. Bunda aybning og’irligi, ayblanuvchining shaxsi, yoshi, sog’lig’i, boshqa holatlar hisobga olinadi. Ehtiyot chorasining turlari: munosib hulq-atvorda bo’lish to’g’risidagi tilxat; shaxsiy kafillik; jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi; garov; qamoqda saqlash; voyaga etmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish; harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qo’mondonlik kuzatuvi. Alohida hollarda gumon qilinuvchiga nisbatan prokurorning ruxsati bilan qamoqda saqlash tarzidagi Ehtiyot chorasi qo’llanilishi mumkin. Qonun talablariga ko’ra shaxsga ana shu ehtiyot choralarining faqat biri qo’llanilishi mumkin.