ESHITISH APPARATLARI
ESHITISH APPARATLARI — tovushni kuchaytirib beradigan asboblar. Eshitish pasayganda, karlikda ishlatiladi. Hozirgi zamon Eshitish apparatlari tovushni kuchaytirib berishga asoslangan. Eshitish apparatlari mikrofon, tovush kuchaytirgich va telefondan iborat. Tovushni bevosita suyak orqali o’tkazib berish uchun quloq orqasiga telefon yoki tovushni havo orqali o’tkazib berish uchun tashqi eshituv yo’liga maxsus moslama tiqib qo’yiladi. Eshituv a’zosining tovush qabul qiluvchi yoki tovushni o’tkazib beruvchi qismi zararlanganiga qarab, unga loyiq Eshitish apparatlari buyuriladi. Eshitish apparatlarining ko’zoynakka o’xshash, shuningdek, cho’ntakda turadigan xillari bor. Eshitish apparatlaridan foydalanganda ko’pincha eshitish, xususan, nutq bir qadar yaxshilanadi. Bu apparat nutqnigina emas, balki binodagi boshqa tovushlarni ham qo’shib kuchaytiradi. Shuning uchun qulog’i og’ir bemor o’zi uchun yangi bo’lib tuyulgan tovush sharoitiga birdaniga qo’nika olmaydi. Eshitish apparatlariga o’rgangan kishi nutqni begona tovushlardan ajratib, yaxshi qabul qiladi, baland tovushlarga chidami ortadi. Bemor tavsiya etilgan bir nechta mashqlarni bajarganidan keyingina Eshitish apparatlaridan foydalanishi mumkin. Mashq avval tinch xonada yolg’iz bir kishi bilan, keyin shovqinli yerda, so’ngra esa ko’pchilik orasida gaplashib o’tkaziladi. Eshitish apparatlari texnik jihatdan nosoz bo’lib, nutqqa begona shovqinlar qo’shilib ketsa yoki qitirlasa, bunda bemor tez toliqadi, qulog’i shang’illaydi, boshi og’riydi. Eshitish apparatlari otorinolaringolog (LOR) vrach tavsiyasi bilan maxsus eshituv protezi tayyorlash zavodlarida tanlanadi.