ESHKAKOYOQLI QISQICHBAQALAR

ESHKAKOYOQLI QISQICHBAQALAR (Soreroba) — qisqichbaqasimonlar sinfiga mansub umurtqasiz hayvonlar turkumi (ba’zan kenja sinfi). Uzunligi 0,1 millimetr — 3 santimetr, ayrim parazit turlari 30 santimetrgacha. Gavdasi murakkab bosh (unga 1-ko’krak bo’g’imi ham kiradi), 5 bo’g’imli ko’krak va 4 bo’g’imli qoringa bo’linadi. Qorin bo’limida oyoqlari bo’lmaydi; bu bo’lim ayri o’simtali telson bilan tugaydi. Faqat nauplius ko’zchasi bor. Antennulalari uzun bo’lib, sezgi organi, suzish va suvda muallaq turish vazifasini bajaradi. Eshkakoyoqli qisqichbaqalar suzganda ko’krak oyoqlar eshkak rolini o’ynaydi (nomi shundan). Tana yuzasi orqali nafas oladi. Eshkakoyoqli baliqlar va ularning chavoqlari, mo’ylovli kitlar va boshqalar suv hayvonlari uchun oziq. Bir qancha turlari suv hayvonlari, ko’proq baliqlarda parazitlik qiladi. Tana shakli yashash tarziga bog’liq. Suv qa’rida yashaydigan Eshkakoyoqli qisqichbaqalar tanasi suyri shaklda bo’lib, juda uzun tukli o’simtalarga ega; suv tubida yashaydigan Eshkakoyoqli qisqichbaqalar tanasi yassi, tana o’simtalari kalta; parazit turlarining tanasi yashash tarzi ta’sirida regressiv o’zgarib, kuchli morfofiziologik degenerasiyaga uchraydi (sakkulina). Ayrim turlari odam organizmida parazitlik qiluvchi tasmasimon va to’garak chuvalchanglarning oraliq xo’jayini (masalan, chuchuk suvlarda yashaydigan tsikloplar tanasida keng tasmasimon chuvalchang va rishta lichinkalari uchraydi). 6000 dan ortiq turi ma’lum. Chuchuk suv va dengizlarda planktonning asosiy qismini tashkil etadi. Chuchuv suv havzalarida, jumladan O’zbekistonda tsikloplar, dengizlarda kalanuslar keng tarqalgan.