EKOLOGIK MUVOZANAT
EKOLOGIK MUVOZANAT — inson, o’simlik va hayvonlar uchun zarur bo’lgan tabiiy sharoitlar muvozanati. Ma’lumki, tabiat komponentlari birbirlari bilan uzviy bog’langan, doim o’zaro aloqada va ta’sirdadir. Ular komponentlar o’rtasida muttasil ravishda ro’y berib turadigan modda va energiya almashinuvi oqibatida hosil bo’ladi va tabiatning bir butunligini ta’minlaydi. Tabiat komponentlari o’rtasidagi bunday o’zaro ta’sir va aloqalar uzoq geologik davrlar mobaynida rivojlanib, turli joylarda turli ekosistemalarni shakllanishiga olib kelgan. Ekosistemalarda modda va energiyaning kirib kelishi bilan chiqib ketishi o’rtasida dinamik tenglik (balans) yuzaga kelgan. Bunday tenglik yoki muvozanat ekosistemani sifat jihatdan ma’lum bir holatda uzoq muddat mavjud bo’lib turishini ta’minlaydi. Ekologik muvozanat 2 xil bo’lishi mumkin: komponentlararo Ekologik muvozanat — ekosistema komponentlari o’rtasidagi tenglikka asoslanadi; hududiy Ekologik muvozanat — biror hududda intensiv va ekstensiv tarzda foydalaniladigan joylarning ayrim nisbatlari asosida yuzaga kelib, shu hududning Ekologik muvozanatning buzilmasligini ta’minlaydi.