EKONOMETRIYA

EKONOMETRIYA (Yunoncha uy xo’jaligini yuritish san’ati va …metriya), Ekonometrika — iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish, iqtisodiy axborotlarga ishlov berishning matematik va iqtisodiystatistik usullarini va modellarini ishlab chiqish va qo’llash bilan shug’ullanadigan fan; Ekonometriya iqtisodiy hodisa va jarayonlarning aniq miqdoriy qonuniyatlari va o’zaro aloqalarini matematik va statistik usullar, modellar yordamida o’rganadi. Ekonometriyada qo’llaniladigan modellar yordami bilan statistika, prognoz va reja ma’lumotlar asosida miqdoriy natijalar olinadi. Ekonometriyaning paydo bo’lishi iqtisodiy tahlillar va taxminlash uchun iqtisodiy statistik usullar va yo’l-yo’riqlarning zarurati bilan bog’liq. Iqtisodiy-statistik ma’lumotlarni matematik usulda o’rganish 19-asrning oxirlari — 20-asrning boshlaridan boshlandi. 20-asrning 20-30-yillarida Ekonometriya mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. «Ekonometriya» terminini dastlab polyak iqtisodchisi A. Chompa (1910) qo’llagan, norveg iqtisodchisi, xalqaro ekonometriya jamiyati (1930) ning asoschilaridan biri R. Frish unga ilmiy yo’nalish berdi (1926). Dastlab Ekonometriya doirasida iqtisodiy jarayonlar va ularga ta’sir etadigan omillar o’rtasidagi korrelyatsion aloqalarni ifodalovchi analitikstatistik modellar ishlab chiqildi. Iqtisodiy rivojlanishni tahlil qilishda iqtisodiy o’sish modellaridan foydalanildi. Rus olimi L.V. Kantorovich normativ modellarni ishlab chiqishga katta hissa qo’shdi. Hozirgi Ekonometriya usullari yordamida prognozlashga oid ko’plab masalalarni yuqori aniqlik darajasida yechish mumkin. Hozirgi davrda Ekonometriya iqtisodiy rivojlanishning matematik usullarini takomillashtirishda, iqtisodiy tsikllilikni asoslash, talab va taklif ko’rsatkichlarini hisoblash, talabning o’zgaruvchanlik xususiyatlarini baholash, ishlab chiqarish sarfxarajatlarini va jamg’arish sur’atlari o’zgarishlarini tahlil etish, ishlab chiqarishning tarmoqlararo bog’liqligini o’rganishda va boshqalar masalalarni tadqiq va tahlil etishda qo’llaniladi. Ekonometriya bo’yicha O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Matematika instituti, O’zbekiston milliy universitetining amaliy matematika fakulteti, ToshTU va Toshkent iqtisodiyot untlarida nazariy va amaliy ishlar olib boriladi. Sadir Salimov.