EKSPANSIVLIK

EKSPANSIVLIK (Fransuzcha birdan kuchayish, o’zini tuta bilmaslik) — narsa-hodisalarga jo’shqin, tezkor javob qaytarishga yoki munosabat bildirishga shay, ehtirosli holat. Inson vujudida to’lib toshgan ham biologik, ham psixologik quvvatning tashqi ifodasi. Ekspansivlik hissiyotiga beriluvchi odam hayajonlanib, hovliqib, yuragi takapuka bo’lib, eshitgan yoki ko’rgan hodisa gafsilotini shoshilinch tanish-bilishlarga yoyishga oshiqadi. Ekspansivlik tuyg’usi o’z tabiati bilan beg’arazlikdan kelib chiqadi. Bunday hissiyotli odamlar vujudiga, qalbiga gap, xabar yoki ovoza sig’maydi, ularning ko’nglida sir yotmaydi. Ekspansivlik negizida aksariyat hollarda bo’hton yotmasada, ko’pchilikda noxush taassurot qoldirishi mumkin. Ekspansivlikga odatlangan bola yoki talaba o’qish jarayonida materialni bilsa ham, bilmasa ham qo’l ko’tarib, tengdoshlari davrasida o’zini ko’rsatishga harakat qiladi. Kishilarning sport maydonlari, tomosha zallaridagi qiyqirishlari, ishqivozlik luqmalari Ekspansivlik ifodasidir. Ekspansivlik turli yoshda, turli jinslar o’rtasida turlicha namoyon bo’ladi. Xotirjamlik bilan Ekspansivlikning uyg’unlashishi ijobiy emotsional holatni vujudga keltiradi.