EKSPOZITSIYA

EKSPOZITSIYA (lotincha — ko’rsatish, bayon etish) — badiiy asar, moddiy madaniy yodgorliklar, tarixiy hujjat va boshqalarni ko’rgazma va muzey zallarida yoki ochiq joylarda ma’lum tizimda joylashtirilishi. Doimiy va davriy Ekspozitsiyaning maqsadi barcha eksponatlarni ularning badiiy va ilmiy qiymati, tarixiy badiiy jarayondagi o’rni, materiallarning ahamiyatini mukammal yoritib berishdir. Ekspozitsiya erkin yoki tomoshabinlarning tanishish yo’nalishlarini hisobga olgan holda tuziladi. Zamonaviy sharoitda Ekspozitsiya eksponatlarni saqlash qoidalariga javob beradigan maxsus uskunalar, eksponatning qisqacha xarakteristikasi hamda Ekspozitsiya xususiyatlari, asarlari bayon qilingan ixcham matnlar bilan ta’minlanadi.

EKSPOZITSIYA — 1) adabiyotda badiiy adabiyotda qo’llanadigan unsur. Badiiy asar syujetining tarkibiy qismlaridan biri bo’lib, voqealar ro’y beradigan zamon va makon, personajlar to’g’risidagi muallif ma’lumrtlari. Bunday ma’lumotlar, odatda, badiiy asar syujetining kirish qismida voqelik tuguni, rivoji, asosiy to’qnashuvlar hamda kulminatsion nuqtadan avval beriladi. Ekspozitsiyada o’quvchi asarda ishtirok etuvchi qahramonlar, ular harakat qiladigan joy, to’qnashuvchi shaxslar va hodisalar to’g’risida dastlabki ma’lumotlarni oladi. Garchi Ekspozitsiya badiiy asarda bosh konfliktni rivojlantirib, keyingi voqealarga turtki berishga jiddiy ko’maklashmasada, ko’pincha, asosiy voqea rivojining yo’nalishi hamda xarakterini oldindan aniqlashga xizmat qiladi. Ekspozitsiya kompozision unsurlardan biri sifatida yozuvchi maqsadiga ko’ra badiiy asarning turli o’rinlarida, har xil ko’rinishda keladi va turli nomlar bilan ataladi. Voqealar boshlanishidan oldin berilsa, to’g’ri Ekspozitsiya (A. Qodiriy va Oybek romanlarida), syujet tugunidan so’ng berilsa, kechiktirilgan Ekspozitsiya (A. Qahhorning «Sinchalak» qissasi, «Qo’shchinor chiroqlari» romani), asar oxirida berilgan ma’lumotlar esa teskari Ekspozitsiya debataladi. Ayrim yirik hajmli asarlarda qahramonlar va voqelik o’rni to’g’risidagi ma’lumotlar butun asarga «sochib» yuboriladi. Bular sochma Ekspozitsiya deyiladi (L.Tolstoyning «urush va tinchlik», U. Hoshimovning «tushda kechgan umrlar» romanlari). Hoz. o’zbek nasrida Ekspozitsiyaning sochma turi ko’proq uchramoqda. Asar janriga qarab Ekspozitsiya ham turlicha bo’lishi mumkin; 2) musiqada — asar kompozisiyasi (mas, Sonata shakli yoki fuga)nit birinchi bo’limi, asosiy mavzularning bayonidan iborat. O’zbek mumtoz musiqasining yirik shakldagi namunalarida daromad (ba’zida, miyonxat bilan birga), shuningdek, bozgo’y (birinchi xona bilan birga) Ekspozitsiya vazifasini bajaradi. Yo’ldosh Solijonov.

EKSPOZITSIYA, yon bag’ir ekspozitsiyasi — yon bag’irlarning dunyo tomonlariga, binobarin, Quyosh va shamollarga nisbatan joylashganligi. Tog’ landshaftlarining turlicha bo’lishiga Ekspozitsiyaning bir-biridan farq qilishi sababdir. Yon bag’irlarning qaysi tomonga qaraganligiga qarab ularning iqlimi, o’simlik, tuproq va hayvonot dunyosi ham har xil bo’ladi.