EKSPRESSIONIZM

EKSPRESSIONIZM (lotincha exrgekyu — ifodalash, izhor qilish) — 1900— 20-y.larda adabiyot va san’atda yuzaga kelgan yo’nalish; davrning o’tkir inqirozlarining aks sadosi sifatida yuzaga kelgan. Ekspressionizm asarlaridagi ijtimoiy tanqidiy ruhi bilan parallel mavjud bo’lgan yoki keyin yuzaga kelgan avangard san’atidan farq qiladi. Uning asarlarida zamonaviy tsivilizasiyaning inqirozi tabiat va insoniyatga yopirilib kelayotgan halokat ko’rinishi tarzida namoyon bo’ladi. «Ekspressionizm» termini ilk bor X. Valden tomonidan qo’llangan (1911). Ekspressionizmda, asosan, ijodkorning sub’ektiv tasavvurlari, his-tuyg’ulari ifodalandi, ulardagi ehtiroslilik va jiddiylik asarlarga jo’shqinlik baxsh etdi. Ekspressionizm taraqqiyoti qarama-qarshiliklarga ega bo’ldi, bir tomondan, modernistik an’analarning rivojlanishiga ta’sir ko’rsatsa, boshqa tomondan, ijtimoiy tanqidiy yo’nalishning qaror topishini ta’minladi. Badiiy adabiyotda — Ekspressionizm o’zining tipik xarakterga ega bo’lmagan asarlari bilan namoyon bo’ldi. Ekspressionistik adabiyotning asosiy janri lirik poeziya va publitsistik drama bo’lganligi ham bejiz emas. Bu taxlit asarlarda muallifning uzundanuzoq va hissiyotli monologlari o’rin olardi. Ekspressionizm adabiyotining paydo bo’lishi g. Trakl (Avstriya), G. Xeym va E. Shtadler (Germaniya) nomlari bilan bog’liq. Ularning tragizmga boy lirikasida hayot o’sha davr tamaddunining shiddatli odimini tutish tarzidagina emas, balki yaqinlashib kelayotgan tarixiy burilishlarni sezish, shaxsning ijtimoiy mavjudotga shaksiz bog’liqlik hissi bilan tug’ilgan girdibod harakati yo’sini tarzida talqin qilingan. Bu taxlit asarlarni G. Benn, I. Bexer, Ya. Vangoddis, F. Verfel va E. LaskerShyuler lirikasida, V. Gazenklever, G Kayzer, L. Rubiner, E. Toller, F. fon Unru, K.X. Yann dramalarida, A. Dyoblin, G. Meyrink, L. Frank, K. Edshmid va qisman F. Kafkaning nasriy asarlarida ham ko’rish mumkin. Tasviriy san’atda Ekspressionizm o’tmishdoshlari (turli darajada simvolizmga yaqin bo’lgan) golland rassomi Van Gog, norvegiyalik E. Munk, belgiyalik J. Ensor ijodidan ta’sirlandilar. Ekspressionizm tamoyillari ko’proq nemis va avstriyalik rassomlar ijodida o’zini to’liq namoyon qildi. «Ko’prik» uyushmasi a’zolari (E. Kirxner, M. Pexshteyn, E. Xekkel va boshqalar) Ekspressionizm ruhida asarlar yaratdilar; «Moviy suvoriy» jamiyati a’zolari (V.Kandinskiy, F. Mark va boshqalar) ning asarlari obraz qurilishiga ko’ra birmuncha etuk bo’lgan; rassom O. Kokoshka, M. Bekman, haykaltarosh V. Lembruk va boshqalar erkin ijod qildilar hamda tasviriy ifodalilik masalalariga e’tiborni ko’proq qaratdilar. Inqilobiy mafqura ta’sirida bir qator rassomlar ijodida Ekspressionizm urush va inson huquqlarini poymol etilishiga qarshi bo’yoqlarga ega bo’ldi. Ekspressionizm grafika (dastgoh va kitob grafikasi) da ham sezilarli o’rin tutdi. Oq-qora bo’yoqlarning keskinligi, tasvirlarda erkin shakllarni ishlatilishi grafik asarlarga jo’shqinlik baxsh etish bilan birga uning ichki mohiyatini yoritishga xizmat qildi (masalan, belgiyalik F. Mazarel asarlari). O’zbekiston tasviriy san’atida Ekspressionizm ta’siri 20-asrning 20-30-yillarida M. Kurzin, V. Eremyan, V. Ufimtsevlarning ayrim asarlarida seziladi. N. Kashinaning ilk ijodida shu ta’sirni ko’rish mumkin. Musiqada Ekspressionizmning ilk ko’rinishlari G. Maler (yetuk simfoniyalari va «Yer haqida qo’shiq» turkumi) R. Shtraus («Salomeya» va «Elektra» operalari) ijodida namoyon bo’lgan. Musiqiy Ekspressionizm to’laligicha yangi Vena maktabi vakillari asarlarida, keyinchalik uning uslubiy tamoyillari boshqa kompozitorlar ijodida ham o’z aksini topgan (P. Xindemitning «Qotil— ayollar umidi» va «Avliyo Susanna», E. Kshenekning «soya ustidan sakrash», B. Bartokning «ajoyib mandarin» operalari, A. Oneggerning 3 va 5-simfoniyalari va boshqalar). Ekspressionizmga xos o’ta hayajonli, keskin kayfiyat qarama-qarshi (og’ir qayg’uli, g’amgin yoki xayoliy, osoyishta bo’lgan) obrazlar to’qnashuvi orqali yuzaga keladi. Ifoda vositalari atonallik, dodekafoniyata xos unsurlarning keng tatbiq etilishi, garmoniyaning o’tkir hamohangsizligi, kuy tuzilmalari o’zaro bog’lanmaganligi, vokal partiyaning nutq intonasiyalariga asoslanganligi bilan ajralib turadi. Uzbekiston kompozitorlaridan F. va D. YanovYanovskiylarning turli janrdagi asarlari, N.Zokirovning operalari, M.Tojiev va T.Qurbonovning ayrim simfoniyalarida Ekspressionizm xususiyatlari uchraydi.