ELAM

ELAM — Mesopotamiyadagi Furot va Dajla daryolarining quyi o’zani sharqida, Eron yassi tog’ligining Janubiy g’arbiy qismida (Erondagi hozirgi Huziston va Luriston viloyatlari) joylashgan qadimiy davlat (miloddan avvalgi 3-ming yillik — miloddan avvalgi 6-asr o’rtasi). Shumer manbalari Elamni — «baland» ideogrammasi bilan, Akkad yozuvlarida — «Elamtu (m)» shaklida qayd etilgan. Bu atamalar miloddan avvalgi 3-ming yillikning 1-yarmidan ma’lum. «Elam» atamasi genetik jihatdan qadimiy yahudiycha nomi bilan bog’liq. Elam manbalari o’z mamlakatlarini — «Xatamti», qadimiy forslar — «Uvadja», arablar esa — «hozi» (hozirgi Huziston shundan) deb atashgan. Elamning eng yirik viloyatlari — Baraxshi, Simashki, Anshan (Anzan); shaharlari — Avan (ilk Elam hukmdorlari sulolasi shu erdan chiqqan). Adamdun, Suza — Elam poytaxti. Shumer hujjatlarining guvohlik berishicha, miloddan avvalgi 3-ming yillikda Elam bilan Mesopotamiya shaharlari o’rtasida savdo aloqalari mavjud bo’lgan. Elamdan yog’och, kumush, mis va boshqalar, Elamga arpa, moy keltirilgan. Hunarmandchilik turli sohalarda ixtisoslashgan (quruvchi, yog’ochni qayta ishlovchi, kulol, nonvoy va boshqalar). Elam ilk quldorlik davlati bo’lgan. Ibodatxona va davlat xo’jaliklarida, shuningdek, uy jamoalarida miloddan avvalgi 2-ming yillikdan boshlab qullar mehnatidan foydalanilgan. Shu davrga doir Elam hujjatlari jamoa tarixi bo’yicha muhim materiallarni beradi. Miloddan avvalgi 7-asr o’rtalarida Ossuriya podshosi Lshshurbanipal Elamning bir qator shaharlarini vayron qilib Elamni Ossuriyaga bo’ysundirgan. Biroq 7-asrning oxiriga kelib Ossuriyaning o’zi barham topgan. Ichki siyosiy nizolardan tanazzulga yuz tutgan Elam bo’lsa, miloddan avvalgi 6-asrning 1-yarmida Midiya, so’ngra Axomaniylar tomonidan bosib olingan.