ELAT

ELAT — kishilarning til, hudud, iqtisodiy va madaniy jihatdan tarixan tarkib topgan millatning oldingi birligi. Elat qabila bilan millat orasidagi etnik birlikning ko’rinishidir. Elatning shakllanishiga bir-biriga yaqin bir necha qabilalarning uyushuvi asos bo’lgan. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ma’lum bir bosqichida qabilalar orasidagi etnik, xo’jalik, moddiy va madaniy aloqalarning tobora rivojlanib borishi natijasida bir qancha qabilalar birlashadilar. Natijada etnik birliknpng yangi turi vujudga keladi. Bu Elat deyilib, ma’lum tarixiy sharoitda hududiy, iqtisodiy, til va madaniy umumiylik asosida shakllanadi. Elat (asosi «el») atamasi o’tmishda keng ma’noda qo’llanilgan; xalq, davlat, qabila, qabila Ittifoqi, ma’lum bir qabila yoki hudud fuqarolarini anglatgan. Turli Elatlarning hudud jihatidan o’zaro yaqinlashuvi urug’va qabila guruhlaridagi kishilarning qonqarindoshlik aloqalarini kuchaytirgan. Elatning shakllanishi turli tarixiy davrlarda o’ziga xos holda kechgan. Masalan, Elat Qadimgi Misr, Mesopotamiyada davlat uyushmalarining paydo bo’lishi bilan shakllana boshlagan bo’lsa, Yevropada Elatlar (qadimgi rus, polyak, frantsuz va boshqalar) shakllanish jarayoni ilk o’rta asrlardan boshlangan. Yer sharining qolgan qit’alarida bu jarayon keyinchalik ham davom etgan. Elat til jihatidan o’zaro yaqin qabilalarning uyushuvi (polyak Elati, slavyan qabilalari — polyak, visdyan, mazovshan va boshqalardan) yoki bir qabilaning boshqasi tomonidan istilo qilinishi natijasida shakllangan etnik komponentlar (frantsuz Elati, — Gall qabilalari; Rim kolonistlari va german qabilalari — franklar, vestgotlar, burgundlar va boshqalar). birining tili umumiy tilga, qolgan qabilalar tillari esa dialekt (sheva) holida saqlangan yoki butunlay yo’qolib ketgan. Natijada yagona nom, hudud, madaniy va xo’jalik jihatidan umumiylik yuzaga kelgan. Davlatning paydo bo’lishi bilan Elatning mustahkamlanishiga imkoniyat paydo bo’lgan. Rivojlangan o’rta asrlarda Yevropa va Osiyoning ko’pgina mamlakatlarida Elat to’la shakllandi. Ishlab chiqarish munosabatlarining taraqqiy etishi, iqtisodiy va madaniy aloqalarning kuchayishi bilan Elatlar millatga aylandi. Ko’pincha bir millatning shakllanish jarayonida bir necha Elat qatnashgan. qadimiy rus millati asosida ukrain va Belorus Elatlari vujudga kelgan va keyinchalik millat bo’lib tarkib topgan. Turli ob’yektiv sabablarga ko’ra, o’z rivojlanishidan orqada qolgan ko’pgina Elatlar (asosan, kichik Elatlar) millatga aylanmasligi ham mumkin. Ular davr o’tishi bilan iqtisodiy va madaniy jihatdan rivojlangan boshqa Elat va millatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga o’tishi natijasida ilg’or xalqning ma’naviyatini, tilini o’zlashtiradi va o’sha millatning tarkibiga qo’shilib ketadi. Qadimda hozirgi O’zbekiston hududlarida va unga tutash mintaqalarda bir necha Elatlar vujudga kelgan: baqtriyaliklar, xorazmliklar, sug’diylar, qangarlar, farg’onaliklar. Ammo bu Elatlar kishilik jamiyatining ma’lum bir tarixiy taraqqiyoti davomida inqirozga uchrab, ilk o’rta asrlarda yangi Elatlar — turk, uyg’ur, o’g’uz, tojik va o’zbek elatlari tashkil topgan. Ushbu Elatlarning barchasi ham to’liq Elat bo’lib shakllanmadi. Turli ijtimoiy-siyosiy va tarixiy omillar sababli bu Elatlarning ayrimlari parchalanib ketdi va shakllanishi davom etayotgan Elatlarning etnogenetik jarayonlariga sezilarli ta’sir o’tkazdi. Masalan, turk, o’g’uz, uyg’urlarning parchalanib ketishidan keyingi etnik jihatdan birmuncha o’zgargan avlodlari o’zbek Elatining etnogenetik jarayonida qatnashgan. Xullas, iqtisodiy-xo’jalik, madaniy va etnik jarayonlarning tobora rivojlanishi natijasida bir necha qabilalarning birlashuvi jarayonida vujudga kelgan Elat etnik hududiy, iqtisodiy til va etnomadaniy umumiylik asosida shakllangan. Ad.: Shoniyozov K., O’zbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001; Sadoxin A. P., Etnologiya, M.,2001. Ochil Bo’riev, Asror Qayumov.