ELEKTR ORGANLAR

ELEKTR ORGANLAR — baliqlarning elektr razryad hosil qiluvchi juft organlari. Har qanday baliq tanasi atrofida, odatda, kuchsiz elektr maydoni hosil bo’ladi. Elektr organlari konvergent usulda bir qancha baliqlar (olabug’asimonlar, ilonbaliqlar, skatlar, Laqqalar va boshqalar) da vujudga kelgan; hozirgi 300 dan ortiq tur baliqlarda Elektr organlari bor. Elektr organlari turli baliqlarda turlicha joylashadi. Har bir elektr organ ustunchaga o’rnashgan ko’p sonli elektr plastinkalar (ep)dan tuzilgan. Ep shaklan o’zgargan muskul, nerv yoki bezli hujayralardan iborat. Hujayralar membranasida kimyoviy reaktsiyalar natijasida elektr zaryadlari to’planadi. Plastinkalarning ostki qismi manfiy, yuqori qismi musbat zaryadlanadi. Elektr organlari plastinkalari va ustunchalari soni har xil: elektrli skatlarda 500 ga yaqin ustunchalarning har qaysisida 400 tadan ep bo’ladi. Har bir ustunchadagi Ep ketma-ket, elektr ustunchalar esa parallel joylashgan. Elektr organlari reagentlar kelib turadigan va kimyoviy reaktsiyalar mahsuloti chiqarilib turiladigan bo’lsa, elektr generator singari to’xtovsiz ishlab turadi. Elektr organlari ishini adashgan, yuz va tiltomoq nervlari boshqaradi. Elektr organlari uchida hosil bo’ladigan elektr potentsiallar farqi skatlarda 300 V, elektrli ilon baliqlardz. 650 V gacha, impuls razryadi kuchi 1 kVt dan 6 kVt gacha yetadi. Elektr razryadlardan hayvonlar yirtqichlardan himoyalanish, o’ljasiga hujum qilish, tur ichidagi signalizasiya va loyqa suvda mo’ljal olish vositasi sifatida foydalanishadi. Baliqlar boshida joylashgan Lorents kapsulalari elektr reseptorlar vazifasini bajarishi taxmin qilinadi. Lorents kapsulalari ingichka naylar orqali teri sirtiga va yon chiziqlari nayiga ochiladi. Boshqa baliqlarni o’limga olib keladigan tok kuchi Elektr organlariga ega bo’lgan baliqlar uchun xavf tug’dirmaydi.