ETRUSKLAR

ETRUSKLAR (lotincha Tiva, o’zlarini — rasna deb atashadi) — miloddan avvalgi 1-ming yillikda Apennin yarim orolining shim. g’arbida, qadimda Etruriya (hozirgi Toskana) deb atalgan viloyatda yashagan qadimiy qabilalar. Etrusklar — Rim madaniyatidan avvalgi yuksak madaniyat ijodkorlari. Miloddan avvalgi 7-asrdayoq Etrusklarda yozuv bo’lgan, 10 mingga yaqin qisqa bitiklar ma’lum. Etrusklarning etnogenezi noma’lum. Gerodot ularni Lidiyadan kelib, umbrlar eriga joylashgan deb hisoblasa, Gellanik (miloddan avvalgi 5-asr) egeylik pelasglar tarmog’i deydi. Galikarnaslik Dionisiy fikricha, ular mamlakatning tub aholisi bo’lgan. Miloddan avvalgi 7-asrda Etrusklarning qalin mudofaa devori bilan o’ralgan shahar qal’alari bo’lgan, ular keyinchalik iqtisodiy va siyosiy markazlarga aylangan. Ularni shohlar idora etgan. Etrusklarning tarkviniylar sulolasi miloddan avvalgi 616-509 yillarda Rimni idora qilgan. Sentina (miloddan avvalgi 295) va Vadimon ko’li bo’yidagi jang (miloddan avvalgi 283) dan so’ng Etruriyaning butun hududi Rimga tobe bo’lgan. Etrusklar qadimiy Italiyaning madaniy taraqqiyotiga muhim hissa qo’shganlar. Rimliklar ulardan siyosiy tashkilot tizimi xususiyatlarini, armiya tuzilishi va qurollanishi, davlat mansabdor shaxslarining belgilari (insignasiyalar)ni qabul qilishgan; etrusk mifologiyasi va dini Rim mifologiyasi va diniga quchli ta’sir ko’rsatgan; yunon yozuvi ham ularga Etrusklar orqali o’tganligi taxmin qilinadi. Fatxulla Ergashev.