Bilasizmi?

San’atdagi uslub nima o’zi?

Aksariyat G’arb mamlakatlarida, (Rossiya va boshqa slavyan diyorlarida) «stil» tarzida, bizda esa ham «stil», ham «uslub» tariqasida qo’llanadigan bu kalima yunoncha «stilus» — xat bitiladigan qilqalam — so’zidan kelib chiqqandir. San’at tarixida bu so’z bilan odatda har xil san’at turlarida ko’zga tashlanib turadigan badiiy usullarning yagona tizimi mavjud bo’lgan pallalarda san’at rivoj topishidagi muayyan davrlarni, bosqichlarni ifodalaydilar. Binobarin u yoki bu uslubning ko’zga yaqqol tashlanadigan o’ziga xos xususiyatlari avvalo me’morchilikda namoyon bo’ladi va undan rassomchilik, haykaltaroshlik, adabiyot, musiqaga ko’chib o’tadi. Ba’zida uslub tushunchasidan u yoki bu mamlakatning yoxud yirik rassom, bastakor san’atining xususiyatlarini ifodalash uchun ham foydalanishadi. Masalan, Xitoy yoki yunon uslublarining, shuningdek Rembrandt yo Skryabin uslublarining barqaror belgilari haqida so’z yuritilishi mumkin. Yirik musavvirning uslubi odatda san’atda muayyan yo’nalishga zamin hozirlaydiki, qoida tariqasida, buni maktab deb atash ham rusum bo’lgan. Rafael, Kandinskiy maktablari butun dunyoda mashhurdir. Alohida olingan uslublar bir vaqtning o’zida rivojlanishlari yoki hatto bir-birlariga singishishlari mumkinligini ta’kidlab o’tish joizdir. Binobarin XIX asrning ikkinchi yarmi — XX asrning boshlari rassomchiligida turli xil uslublar, ko’pincha realistik va modern uslublarining quramalashishi ko’zga yaqqol tashlanadi (L.Andreyev, B.Zaytsev, V. Polenov, I. Repin ijodi). Ba’zi bir uslublarga, misol tariqasida, modernizmga yunalishlarning tez-tez almashinib turishi xos bo’lib, musavvirning shiddatli va samarali izlanishlari buning asosiy sababi sanaladi.