TABAQALASHTIRILGAN TA’LIM

TABAQALASHTIRILGAN TA’LIM — umumiy o’rta ta’lim maktablari yuqori sinf o’quvchilarining qobiliyatlarini hisobga olgan holda alohida o’quv rejasi va dasturlar asosida olib boriladigan Tamim turi. Tabaqalashtirilgan ta’limning mehnat ta’limi bilan aloqasi o’quv-tarbiyaviy ishlarning muhim asosi hisoblanadi. Tabaqalashtirilgan ta’lim jarayonida yuqori sinf o’quvchilarining kasbiy tayyorgarliklariga alohida e’tibor beriladi. Shu sababli ayrim maktablar bilim asoslarini chuqurlashtirishga, o’quvchilarni muayyan kasbga yo’naltirishga mo’ljallangan bo’ladi. Tabaqalashtirilgan ta’limda umumiy o’rta ta’lim tizimidagi asosiy o’quv predmetlari mazmunini chuqur o’zlashtirish, bevosita kerakli o’quv materiallarini o’rganish ko’zda tutiladi. Tabaqalashtirilgan ta’limning muhim jihati uning ma’lum sohaga yo’naltirilganligi va bu ta’lim jarayonida o’ziga xos predmetlar tizimining o’qitilishidir. Tabaqalashtirilgan ta’limni tashkil etishda maktablardagi imkoniyatlar puxta o’rganiladi. Tabaqalashtirilgan ta’limda ma’lum miqsorda qo’shimcha dars mashg’ulotlari o’tkazish yoki o’quv rejasidagi ayrim predmetlarni tanlab olib, ularni chuqurroq o’zlashtirish rejalashtiriladi. Uning u yoki bu shaklini tanlashda maktab va o’quvchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqiladi. Tabaqalashtirilgan ta’limda o’quvchilar o’z qiziqishlari asosida yo’nalishlar bo’yicha guruxlarga bo’linib, ta’lim ma’lum kasbga yo’naltirilgan tarzda amalga oshiriladi. Tabaqalashtirilgan ta’lim kasbga yo’naltirish va yo’llashning muhim asosi hisoblanadi hamda biror mutaxassislik sohasidagi bilim va ko’nikmalarni egallash bilan bog’liq bilimlar asosida amalga oshiriladi. Tabaqalashtirilgan ta’limda o’quvchilar kasbga yo’nalish va qiziqishidan qat’i nazar, barcha o’quv predmetlari bo’yicha to’liq o’rta ma’lumotga ega bo’lishadi. Tabaqalashtirilgan ta’lim o’quvchining qaysi bo’lim yoki qaysi predmetni chuqur o’rgangan bo’lishiga qaramay, oliy o’quv yurtiga kirish uchun belgilangan imtihonlarda qatnashish imkonini beradi va unga tayyorgarlik bosqichi vazifasini o’taydi. Tabaqalashtirilgan ta’lim asosida o’quvchilar tanlangan mutaxassisligi bo’yicha chuqur bilim asoslarini egallashadi va amaliy malakalarga ega bo’lishadi. Tabaqalashtirilgan ta’lim kasb tanlashning asosi hisoblanadi va o’quvchilarning o’z qiziqish va moyilliklari asosida kasb tayyorgarligi sirlarini egallashlarida muhim o’rin tutadi. Ro’zmon Keldiyorov, Nurilla Ahmedov.