TUEKTA QO’RG’ONLARI
TUEKTA QO’RG’ONLARI — Pozirik madaniyatiga xos qadimgi mozorqo’rg’on (miloddan avvalgi 6-5-asrlar). Oltoy o’lkasidagi Ursul daryosi so’l sohilida, Tuekta qishlog’i yonida joylashgan. 1954 yil S.I.Rudenko qazishma ishlari o’tkazgan. 2 ta mozorqo’rg’on tadqiq qilingan. 1-Tuekta qo’rg’oni katta bo’lib diametri 68 metr, balandligi 4 metrni tashkil etgan; uni bunyod etishga taxminan 6 ming metr tosh sarflangan. Qo’rg’ondan topilgan sarqofa tilog’och daraxtidan qilingan bo’lib, uzunligi 4.25 metrni tashkil etgan. Sarqofa qopqog’iga yo’lbarslar tasviri va vergul, uchburchak ko’rinishidagi naqshlar tushirilgan. Qo’rg’on qadimgi zamonlardayoq talangan, oltin va kumush buyumlar o’g’irlangan. Sarqofadagi erkak jasadidan hatto kiyimini ham echib olishgan. Topilmalar ichida paykonlar, qilich va xanjar, qalqon parchalari diqqatga sazovor. Mayyit bilan 8 ta ot qo’shib ko’milgan. Ularning egarjabduqlari bug’ular, loslar, yo’lbarslar, grifonlarni tasvirlovchi naqshinkor yog’och taqinchoqlar bilan bezatilgan. 2-Tuekta qo’rg’oni diametri 32 metr, balandligi 2.6 metr. U ham qadimda talangan. Qabrda ayol dafn etilgan sarqofa qoldiqlari saqlangan. Sarqofada kiyiklarning naqshinkor tasviri, ayol kiyimi parchalari, 8 ta otning yog’ochdan ishlangan bezaklari saqlangan. Ad.: Drevnyaya Sibir. L.. 1976.