Nega Venetsiyada kanallar bu qadar ko’p?
Aksariyat ko’chalari kanallardan iborat bo’lgan shaharga bir marotabagina bo’lsa-da tashrif buyurmohning o’zi ham ajoyibu g’aroyib-da?! Ammo boshqa shaharlarnikidan farqli o’laroq Venetsiya kanallari shahar bunyod etilmasidan oldin ham mavjud edi. Venetsiya Adriatika dengizining Shimoliy adog’i bo’lmish ko’rfazda bir-birining pinjiga tiqilib turgan yuzdan ortiq zig’irtak orollarning loyqagil qirg’oqlarida sochilib yotibdi. Shahardagi barcha uylar loyqaga chuqur ko’milgan ustunlarga tayanadi. Orolchalarning qirg’oqlari o’rtasida dengiz suvi oqib o’tadigan ariqlarning ingichka rishtasi cho’zilgan va aynan shularning o’zi Venetsiyaning dong’i ketgan kanallaridir! Bu shaharda odamlar piyoda yurishadi yoki suzish vositalarida yo’l bosishadi. Venetsiyaning ichkari, eski qismiga avtomobillar va ekipajlar kirishiga yo’l qo’yilmaydi. Venetsiyadagi bir talay ko’chalarning kanallar ustidan o’tgan ko’prikchalari bor. Goh unda, goh bunda suv sathida jajji qayiqchalar — gondollar ko’zga chalinadi. Gondoler — qayiqni boshqaruvchi kishi — qayiq quyrug’idagi taglikka turib olgancha uzun eshkaklar yordamida uni harakatga keltiradi. Venetsiya — juda ko’hna shahar. V asr o’rtalarida Italiya bo’ylab gunnlar (xunnlar) bosqini qilich qayrab o’tishidan ancha oldin odamlar bu orolchalarga ko’chib kela boshlagan edilar. Bora-bora bir necha kichik shaharchalar paydo bo’lib, ular pirovardida Venetsiya shahriga aylangan Venetsiya Respublikasini shakllantirdilar. 1450 yilda Venetsiya ulkan mustamlaka tizimining boshida turar va eng kuchli dengizchi davlat sanalar edi. Biroq, XVI asr boshlarida yangi savdo-sotiq yo’llari ochilganidan keyin Venetsiyada tijorat ishlari inqirozga yuz tutadi. Keyingi yillarda Venetsiya ko’psonli urushlarda ishtirok etdi, uning imperiyasi parchalandi, shaharning o’zi esa dushmanlar tomonidan deyarli tamomila vayron etildi. 1866 yilda Venetsiya ahli uning Italiya qirolligi tarkibiga kirishini yoqlab ovoz berdi. Bugun Venetsiya — Yevropaning yirik madaniyat markazlaridan biri va bandargoh sifatida o’zining mavqeini qaytadan tiklamoqda.