ELEKTRONOPTIK ABERRASIYALAR

ELEKTRONOPTIK ABERRASIYALAR — elektronoptik tizim (masalan, elektron linzalar)ning risoladagidek (ideal) emasligi va boshqalar omillar tufayli tasvirning buzilishi (aniq chiqmasligi, asliga to’liq mos kelmasligi yoki chaplashib ko’rinishi). Elektronoptik qurilmalarda tizimning optik o’qiga nisbatan simmetrik tarzda aylanadigan elektr va magnit maydonlar keng qo’llanadi. Shunday maydonlarga ega bo’lgan elektron linzalar (el) va elektron ko’zgular (EK) simmetrik o’qli sistemalardebataladi. Agar zaryadlangan zarralar maydonning simmetriya o’qiga ancha yaqin harakatlansa va ularning boshlang’ich tezliklari bir-biridan uncha farq qilmasa, bunday linza va ko’zgular to’g’ri elektronoptik tasvirlarni hosil qiladi. Agar bu shartlar bajarilmasa, tasvir ancha buzilib chiqadi. Tasvirning buzilib chiqishiga boshqa sabablar ham bor. El va EK sifat jihatidan yorug’lik optik tizimlardan ancha past hisoblanadi. El va EK larda elektron zarralar dastalari va ularning o’zaro joylashuv tartibi buzilishi mumkin, bunday buzilishlar geometrik aberrasiyalar (sferik aberrasiya, koma, astigmatizm, tasvir maydonining egriligi, distorsiya) deb ataladi. El va EK larni energiya bilan ta’minlash manbalari va yuqori kuchlanishli manbalarning nobarqarorligi dam E.yu.a.ga sabab bo’ladi, chunki fokuslovchi tok yoki kuchlanish o’zgarishi mumkin. Bular xromatik aberrasiyani keltirib chiqaradi. Xromatik aberrasiyaning kattalashtirish va burish (faqat magnit linzalarda) xillari bo’ladi. Bundan tashqari, difraktsion aberrasiya (elektronlar, neytronlar, atomlar, molekulalar va boshqalar sochilishi) ham mavjud. Murakkab elektronoptik tizimlardagi aberrasiyani bartaraf qilish ancha qiyin masala bo’lib, buning uchun linzalarni muayyan tarzda uyg’unlashtirib tanlashga to’g’ri keladi.