TARANTO
TARANTO — Italiyaning Janub qismidagi shahar. Taranto provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 201,3 ming kishi (2001). Ioni dengizining Taranto qo’ltig’i sohilidagi port (yiliga 30 million tonnadan ortiq yuk ortib tushiriladi). Taranto — yirik sanoat markazlaridan. Mamlakatda eng yirik to’liq tsiklli metallurgiya kombinati, mashinasozlik, neftni qayta ishlash korxonalari, dengiz suvini chuchituvchi zavod, koks kimyosi zavodi, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Dengizdan baliq ovlanadi. 12-19-a.srlarga oid me’moriy yodgorliklari saqlangan. Harbiy dengiz bazasi.