TAVOCHI

TAVOCHI (mo’g’ulcha — hisobchi) — 13— 19-asrlarda O’rta Osiyo, Xuroson va Eronda hukmdorning farmon va topshiriqlarini tegishli joylarga zudlik bilan etkazuvchi oliy harbiy mansabdor, ad’yutant. Tavochi zimmasiga harbiy yurish rejalashtirilganda saltanat tuman va viloyatlardan, tobe yurtlardan hukmdor farmonida belgilangan mikdorda oziq-ovqat, otulov, yem-xashak, qurol-aslaha va qo’shin jam qilish, lashkargohga yig’ilgan lashkarni ko’rikka tayyorlash, yurish chog’ida, dam olish va ov qilish uchun qo’shinni qulay manzillarga joylashtirish, g’anim qarorgohiga yaqin kelingach, uni qamal qiluvchi qismlarni zarur va qulay istehkomlarga joylashtirish, qo’shinlarning umumiy ahvolini nazorat qilib turish, jinoyatchilar va asirlarning jazoga tortilishidan hukmdorni boxabar qilish, qamal xavfi tug’ilganda tevarak-atrofdagi aholini qal’a yoki qo’rg’onga ko’chirib kelib joylashtirish singari vazifalar yuklatilgan. Tavochi, shuningdek, saroy amaldorlari ishlarini ham nazorat ostiga olgan. Saroy soqchilari yotish Tavochisi tomonidan doimiy nazoratda bo’lgan. Tavochi o’z vazifasiga ko’ra, Somoniylar, G’aznaviylar va Saljuqiylar saltanatida mavjud bo’lgan oriz hamda naqib lavozimlariga muvofiq kelgan. Buxoro xonligida harbiy nozir — naqibga qo’shinni joylashtirish, qurolaslaha bilan ta’minlash, harbiy harakatlar vaqtida lashkarning ilg’or, ar’ergard, o’ng qanot, so’l qanot va Markaziy qismlari hamda pistirmadagi vaziyatdan xabardor bo’lish mas’uliyati yuklatilgan. Xiva xonligida Tavochi lavozimining muhim rolga egaligi tarixiy asarlar va arxiv hujjatlarida o’z aksini topgan.