TAGAL TILI
TAGAL TILI, tagalo, tagalog — avstronez tillari makro oilasiga mansub Filippin tillaridan biri; dastlab Filippin Respublikasining eng muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi bo’lmish Luson orolining o’rta va Jan. qismida, keyinchalik orolning shimoliy g’arbiy qismlari va Lusondan Janubdagi boshqa orollarda tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 15 million kishiga yaqin. Tagal tili mustamlaka davrigacha qabilalararo til, 20-asr boshidan umummilliy til maqomida bo’lib, 1959 yil «Pilipino» (Filippin tili) degan nom olgan. 1973 yilda esa ingliz tili bilan bir qatorda Filippin Respublikasining rasmiy tili deb e’lon qilingan. Lahjalari 10 dan ortiq bo’lib, ular tagallarning tarqalish hududiga mos holda Manila, Bataan, bulakan, batangas kabi nomlarga ega; leksika va imlo bo’yicha o’zaro farqlanadi. Adabiy tili Manila lahjasi asosida shakllangan. Tagal tili 100 dan ortiq Filippin tillari orasida 20-asr boshigacha adabiy til sifatida shakllangan yagona tildir. Fonetikasida 5 unli va 16 undosh fonema mavjud. Otlarga nisbasan fe’llarda morfologik kategoriyalar (zamon, nisbat) yaxshi rivojlangan. Gapda so’z tartibi belgilovchi ahamiyatga ega emas. Leksikasida ispan, ingliz, Xitoy, Arab, hind tillaridan o’zlashgan so’zlar ko’p. Tagal tili mustamlaka davrigacha qad. hind yozuvidan kelib chiqqan bo’g’inli yozuvdan foydalangan. 17-asr boshlaridan lotin grafikasi asosidagi yozuv joriy etilgan.