ESPIRITUSANTU

ESPIRITUSANTU — Braziliyaning Sharqiy qismidagi shtat. Maydoni 46,2 ming kilometr kvadrat. Aholisi 3,1 million kishi (2000). Ma’muriy markazi — Vitoriya shahri shtatning g’arbiy qismini Braziliya yassitog’ligi, sharqini botqoqlashgan Atlantikabo’yi pasttekisligi egallagan. Iklimi tropik, pasttekislikda issiq va sernam (o’rtacha oylik temperaturalar 20-26°, yillik yog’in 1500-1700 millimetr), yassitog’likda salqinroq, yillik yog’in 1000-1200 millimetr. Sernam tropik o’rmonlar, sohil qismida aralash tropik o’rmonlar bor. Iqtisodiyotining asosini qishloq xo’jalik tashkil qiladi. Kofe, tsitrus mevalar va kakao plantasiyalari bor. Shuningdek, shakarqamish, sholi, maniok, dukkakli ekinlar, makkajo’xori, tamaki ham yetishtiriladi. Foydali qazilmalardan tarkibida toriy, uran va tsirkoniy bo’lgan monasit qumlar, plavikli shpat, marmar konlari, mineral suvli buloqlar bor. To’qimachilik va oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Qirg’oqqa yaqin suvlardan baliq ovlanadi. Tashqi savdo aylanmasida Vitoriya dengiz porti muhim ahamiyatga ega.