EOL RELEF SHAKLLARI

EOL RELEF SHAKLLARI shamol ta’sirida yuzaga keluvchi relef shakllari, asosan, arid iqlimli zonalar (cho’l va chala cho’llar)da kuzatiladi. Dengiz, ko’l va daryolarning bo’sh va substrat jinslarini siyrak o’simlik qoplami shamol ta’siridan himoya qila olmaydigan sohillarida ham uchraydi. Nuragan tog’ jinslarining shamol ta’sirida ko’chirilishi va boshqalar joyga to’planishi natijasida yuzaga keluvchi akkumulyativ va akkumulyativ-deflyasiya shakllari ayniqsa keng tarqalgan. Ular nafaqat shamol, balki shamol uchirib keltiradigan mayda jinslarning urilishi, ya’ni qumli shamollar ta’sirida ham vujudga keladi. Eol relef shakllarining o’lchami va shakllari shamol rejimi (kuchi, tezligi, yo’nalishi, shamol oqimi strukturasi)ga, relef, o’simlik qoplami, namlik va boshqalar omillarga bog’liq. Qumli joylardagi Eol relef shakllari shamolning mavsumiy yo’nalishiga muvofiq tarzda ko’chib yuradi. Eol relef shakllari mo’tadil mintaqa cho’llarida o’simlik qoplami nisbatan zichroq bo’lganligi uchun unchalik katta bo’lmaydi va sekin-astalik bilan rivojlanadi. Shamollar rejimi va bo’sh jinslarning jipsliligi, asosan, zonal geografik omillarga bog’liq, shu sababli Eol relef shakllari ham umuman zonal joylashadi. Rus geograf olimi B.A.Fedorovich tasnifiga ko’ra, yengil harakat qiluvchi qumli relef shakllari, asosan, tropiklarning arid cho’llariga (Sahroi Kabir, Arabiston yarim oroli, Eron va Afgonistondagi cho’llar). sust harakatlanuvchi relef shakllari tropik mintaqalardan boshqa siyrak chakalakzorli cho’llarga (O’rta Osiyo va Qozog’iston, Jung’ariya, Mongoliya va Avstraliya cho’llari); dyunalar cho’l bo’lmagan hududlarga (Yevropa, G’arbiy Sibir, shimoliy Amerika) xos. Eol relef shakllarining morfologiyasi, kelib chiqishi, harakatlarini har taraflama o’rganish cho’llarni o’zlashtirishda muhim ahamiyatga ega.