EPIDEMIK PAROTIT

EPIDEMIK PAROTIT — o’tkir yuqumli kasallik. So’lak bezlari (ayniqsa, quloq oldi bezi)ning yallig’lanishi bilan kechadi. Filtrlanuvchi viruslar qo’zg’atadi. Havo yo’li orqali, bemor foydalangan turli idishlardan yuqadi. Epidemik parotit hamma yoshdagi kishilarda, ko’proq 5-15 yoshdagi bolalarda uchraydi. Inkubatsion davri 18-20 kun. Epidemik parotitda bosh og’riydi, gavda temperaturasi ko’tariladi. Og’irroq hollarda bemor burnidan qon keladi, qusadi, tirishadi. Kasallikning 2—3-kuni quloq oldi bezi shishib, u quloqning bir tomoniga, 1-2 kundan keyin esa 2-quloq atrofiga o’tadi. Og’iz ochilganda, ovqat chaynalganda og’riq seziladi. Kasallik 8-10 kun davom etadi. Kasallik yumshoq miya pardasining yallig’lanishi ko’rinishida ham o’tishi mumkin. Bu shaklida bolalar qusadi, boshi qattiq og’riydi va meningit belgilari paydo bo’ladi. Nevrit, otit kabi asoratlar qoladi. Davosi: issiq kompress qilinadi. UVCH buyuriladi. Suyuq ovqatlar, vitaminlar beriladi. Og’iz borat kislota eritmasi bilan chayiladi.