EPIZOOTOLOGIYA
EPIZOOTOLOGIYA (epizootiya va … logiya) — chorva mollari, parrandalar va qushlar yuqumli kasalliklarining paydo bo’lishi, tarqalishi va ularni tugatish qonuniyatlarini o’rganadigan fan; epizootiyaning oldini olish va unga qarshi kurashning ilmiy asoslangan chora-tadbirlarini ishlab chiqish bilan ham shug’ullanadi. Umumiy va xususiy Epizootologiyaga bo’linadi. Umumiy Epizootologiya epizootiyalar paydo bo’lishining sabablarini, ular rivojlanishi va so’nishining umumiy qonuniyatlarini hamda epizootiyaning oldini olish va batamom yo’qotish umumiy chora-tadbirlarini o’rganadi. Xususiy Epizootologiya ayrim yuqumli kasallikning xususiyatlarini o’rganadi va unga qarshi kurash tadbirlarini ishlab chiqadi. Hozirgi davrda Epizootologiyaning asosiy muammolari qator yuqumli kasalliklarning davriylik sababi, oksil kasalligi, kuturish, kuydirgi, sil, brusellyoz va boshqalar o’ta xavfli kasalliklarga qarshi kurash tadbirlarini nazariy asoslash, yuqumli kasalliklar evolyutsiyasi bo’yicha tadqiqotlar olib borish, mikrob tashuvchanlikni, shartli patogen mikroorganizmlar tomonidan chaqiriladigan yuqumli kasalliklarda epizootik jarayonni o’rganish, epizootic jarayonning tabiiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy omillarini tadqiq qilish, epizootologik tadqiqotining yagona standart usullarini ishlab chiqish va boshqalar 16-17-asrlarda yuqumli kasalliklarning qo’zg’atuvchilari ma’lum bo’lmasada, ularning yuqumliligi va har bir kasallik paydo bo’lishining o’ziga xos sababi borligi aniqlangan. 1861 yil frantsuz olimi L. Paster ba’zi yuqumli kasalliklarning qo’zg’atuvchilarini kashf etgach, Epizootologiya ilmiy asosda rivojlana boshladi. O’zbekistonda Epizootologiyaning rivojlanishi 1924 yilda akademik K.I.Skryabin nomidagi O’zbekiston veterinariya ilmiy tadqiqot instituti tashkil etilishi bilan bog’liq. O’sha yillarda in-t olimlari kuydirgi, otlarning manqa, qoramollarning o’lat va plevropnevmoniyasi, qo’ylarning chechak va boshqalar yuqumli kasalliklarini tugatishda faol ishtirok etdilar. Dastlabki 10 yillikda institut O’rta Osiyo chorvachiligi uchun 10 dan ziyod biologik preparatlar ishlab chiqardi. 1934 yil institutda Epizootologiya bo’limi tashkil etildi, 1937 yilda professor G.Obolduev rahbarligida birinchi bo’lib O’zbekiston tumanlarining yuqumli kasalliklar bo’yicha epizotik holati to’liq o’rganildi va yuqumli kasalliklar tarqalishining epizootik xaritasi tuzildi. Epizootologiya erishgan yutuqlar tufayli respublikada chorva mollarining Sibir yarasi, o’lat, kontagioz plevropnevmoniya va hokazolar yukumli kasalliklari bartaraf etildi, ayrim kasalliklarning tarqalishi cheklandi. Ad.: Parmonov M., Saidqulov B., Parmonov J., Epizootologiya, T., 1996. Hoshim Nurmamatov.