EPOS

EPOS (Yunoncha eroz — so’z, hikoya) — 1) badiiy adabiyot turi (lirika va drama bilan bir kdtorda); 2) xalqning qahramonona o’tmishini aks ettiruvchi asar. Epos adabiyotning uch turidan biri sifatida tafsilot tasviriga tayangan badiiy asarlar jamini anglatadi. Unda muayyan makon va zamonda kechadigan voqeahodisalar tafsiloti, albatta, mavjud bo’ladi. Eposda so’z yordamida o’quvchi ko’z o’ngida Real hayot manzaralariga muvofiq keladigan badiiy voqelik yaratiladi. Eposning eng asosiy belgisi voqea tasviri, bayoni bo’lgani uchun ham ko’pincha bu turdagi asarlar Nasr yo’lida yoziladi. Lekin bu hol she’riy shaklda bitiladigan epik asarlar borligi va bo’lishi mumkinligini inkor etmaydi. Qandaydir voqeani aks ettirish asosiga qurilgan she’riy va nasriy asarlar Eposga mansubdir. Eposda muayyan makon va zamonda muayyan shaxs yoki odamlar guruhi bilan bo’lib o’tgan biror voqea, odatda, muallif yoki hikoyachi personaj tilidan bayon etiladi. Bu hol unda bayon, tavsif va dialogning birgalikda qorishiq holda kelishini taqozo etadi. Ayni paytda, Eposda bayon, rivoyat etakchilik qiladi. Muayyan asardagi peyzaj, portret, narsabuyum va boshqalar tafsilotlar tasviri rivoyatni kuchaytirish, uning ta’sir darajasini oshirish, personajlar tabiatini bo’rttirib ko’rsatishga xizmat qiladi. Eposning hozirgi bosqichida borgan sari bayonning salmog’i kamayib borayotganligi kuzatilmoqda. Ertak, afsona, rivoyat, Doston singari xalq og’zaki ijodi namunalari hamda ilk yozma Eposlarda voqea-hodisalarni bayon etish, aytib berish katta o’rinni tutgani holda dialoglar va tafsilotlarga kam o’rin ajratilardi. Keyingi vaqtlarda esa, Eposga mansub asarlarda dialog va tafsilotlarning salmog’i ortib bormoqda. Bu holni, birinchidan, Eposda ifoda imkoniyatlari oshgani, ikkinchidan, inson ichki olamining noziklashib, ruhiyati murakkablashib borayotgani bilan izohlash mumkin. Epos asardagi voqea-hodisalar bilan o’quvchi (tinglovchi) o’rtasida o’ziga xos vositachi hisoblanadigan roviy yoki hikoyachi tomonidan bayon etilganda, ayni voqealarning nima uchun aytib berilayotgani, odatda, izohlab o’tirilmaydi. Bayon ko’pincha muallif, ba’zan esa biror personaj tilidan amalga oshiriladi. Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun» dostonlari, Qodiriyning «Mehrobdan chayon», Cho’lponning «kecha va kunduz», Oybekning «qutlug’qon» romanlarida voqealar muallif tilidan bayon etiladi. G’afur G’ulomning «Shum bola», Erkin A’zamning «Otoyining tug’ilgan yili», Oybekning «Gulnor opa» singari asarlarida rivoyat personaj tilidan olib boriladi. Shu bilan birga, hikoya muallif tilidan bayon qilinayotgan asarlarda personajlarning hikoyachi sifatida bayonga aralashish holatlari ham uchrab turadi. Navoiyning «Sab’ai sayyor», Qodiriyning «o’tgan kunlar», Oybekning «Navoiy» asarlarida rivoyat ham muallif, ham personajlar tomonidan amalga oshirilgan. Eposda tasvirlanayotgan obrazlar tizimi katta ahamiyat kasb etadi. Obrazlar tizimi deyilganda faqat odamlargina emas, Eposda tasvirlangan jonivorlar, narsa-buyumlar va tabiat hodisalari ham ko’zda tutiladi. Eposda qatnashadigan obrazlarni shartli ravishda: bosh qahramonlar, personajlar yoki qahramonlar hamda yordamchi obrazlar sifatida 3 turga bo’lish mumkin. Epos badiiy tasvir qamroviga ko’ra, katta, o’rta va kichik kabi uchta janr guruhiga ajratiladi. Katta epik janrlarga roman, epopeya, epik Doston; o’rta epik janrlarga qissa; kichik epik janrlarga afsona, badia, latifa, masal, novella, ocherk, rivoyat, ertak, esse, etyud, hikoya, hikoyat kabilar kiradi. Eposni janrlarga ajratishda voqea-hodisalarning qamrovi yoki davomiyligi darajasi emas, balki tasvirning ko’lami hisobga olinadi. Shuning uchun ham odamning bir soatlik holati aks ettirilgan romanlar bo’lganidek, necha yillik voqealar tasvirlangan hikoyalar ham bo’laveradi. Shuningdek, Eposni janrlarga ajratishda asarlarning hajmi ham asosiy o’lchov bo’lolmaydi. Eposni janrlarga tasniflashda muallifning estetik niyati ham hal qiluvchi o’rin tutadi. Shuning uchun ham ba’zan romandan katta hikoyalar, hikoyadan kichik qissalar yaratilishiga tabiiy hol, deb qarash kerak bo’ladi. Asarlarning janr talablariga muvofiq bo’lishini qat’iy talab etish yozuvchini qolipga solishga urinish bo’lib, badiiy ijodga katta zarar keltirishi mumkin. Eposga mansub asarning qaysi janrga tegishli ekanini muallifning o’zi belgilashi maqsadga muvofiqdir. Epos tor ma’noda, xalqning qahramonona o’tmishini aks ettiruvchi asarlardir. Dastlab Epos qahramonlarning atrofolamdagi yovuz kuchlar va buzuq niyatli odamlarga qarshi kurashi bayon etilgan asarlarni anglatgan. qadimiy Eposlarda voqea-hodisalarning talqin va tasvir etilish yo’sini o’sha davr kishilarining dunyoqarashi, e’tiqodi, ishonchlaridan kelib chiqqan. Eposning eng qadimiy namunasi sifatida ilmda oldinlari akkadlarniki deb sanalib kelingan, ammo keyinchalik barcha turkiy xalklarga tegishli ekani aniqlangan «Gilgamish» dostoni hisoblanadi. Shuningdek, hindlarning «Ramayana» va «Mahabharata», Gomerning «Iliada» va «Odisseya», o’zbeklarning «Alpomish», «Go’ro’g’li», qirg’izlarning «Manas», qozoqlarning «Qo’blandi Botir», ozarbayjonlarning «Ko’ro’g’li», nemislarning «Nibelunglar haqida qo’shiq», ispanlarning «Sid haqida qo’shiq», frantsuzlarning «Roland haqida qo’shiq», anglosaksonlarning «Beovulf», Karel va finlarning «Kalevala», armanlarning «Sosunli Dovud», gurjilarning «Amiraniani» kabi asarlari ham xalq qahramonlik Eposiga mansubdir. Turonga bostirib kirgan eronlik bosqinchilarga qarshi qahramonlarcha kurashgan xalq bahodirlari haqidagi «To’maris» va «Shiroq» afsonalari, «Zarina va Striangiya», «Zariadr va Odatida» qissalari ham xalq qahramonlik Eposi namunalari sanalgan. Ko’tarinki ruhda bitilib, qahramonona voqealar aks ettirilgan ayrim yozma asarlar ham Epos hisoblangan. Gegel o’zining «estetikaga oid ma’ruzalar» asarida Dantening «ilohiy komediya» hamda Firdavsiyning «Shohnoma» asarlarini E.ga mansub, deb hisoblaydi. Shuningdek, Sharq Eposi sirasiga yana Shota Rustavelining «yo’lbars terisini yopingan Pahlavon» va Abdurahmon Jomiyning «Haft avrang»i, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy qalamiga mansub bo’lgan «Xamsa»larni ham kiritish mumkin. Qahramonlik Eposi jamiyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida, sinfiy munosabatlar o’zgarganligi tufayli emas, balki muayyan etnosning milliy ruhi uyg’onib, o’zini shunchaki odamlar to’dasi emas, balki buzilishi mumkin bo’lmagan axloqiy-ma’naviy qoidalarga amal qilib yashaydigan etnik birlik sifatida tasavvur eta boshlagan kezlarda paydo bo’ladi. Ayni xususiyatlarni yuqorida tilga olingan barcha E.lar misolida ko’rish mumkin. Qozoqboy Yo’ldoshev.