«ESKI MACHIT»
«ESKI MACHIT» — qarshi shahridagi teatr. 1992 yil «muloqot» teatr studiyasidan ajralib chiqib, teatrstudiya sifatida ish boshlagan. Abdunabi Bobojonov, Ishoq To’raev, Oygul Xalilova, Botir Qurbonov, Gulnoza Rahmatova, havaskor sozanda va xonandalar truppa asosini tashkil etgan. «Eski machit» teatrining birinchi asari «Mehribonginam» (Sh.Shomanadze asari) spektaklidayoq truppaning muhim ijtimoiy muammolarni yangi uslubdagi teran sahnaviy talqinlarda yorqin va ta’sirchan ijrolarda aks ettirishga bo’lgan intilishi ko’rindi. Spektakl «Navro’z 95» festivalida 1-o’rinni oldi. Teatr yangicha fikrlaydigan novator rejissyorlarni taklif etib, shu paytgacha hech kim e’tibor bermagan manbalar asosida murakkab sahna asarlari yaratish, yangi talkin uslubi va vositalar izlab topish, tomoshabinni voqealarning ishtirokchisiga aylantirish yo’lidan bordi. 1995 yil rejissyor Farrux Qosimov Farididdin Attorning «Mantiq uttayr», Navoiyning «Lison uttayr» asarlari asosida «Shayx San’on» va «tarso duxtar»ni sahnalashtirdi. 1998 yil Ukrainaning Xarkov shahrida o’tgan «Sharq ekspressi» xalqaro teatr festivalida «ayol alvasti yoki haroratli ayiq» spektakli 1-o’rin oldi. 1999 yil Ch. Aytmatovning «asrga tatigulik kun» asari asosida sahnalashtirilgan «Nayman ona qissasi» spektakli «Navro’z — 99» respublika festivalida alohida sovrin, Bishkek (Qirg’iziston)da o’tgan «Ch.Aytmatov va teatr» xalqaro festivalida eng oliy sovrin — Granprini qo’lga kiritdi. Shuningdek, «Qobil va Hobil», «Raqsu samo'» kabi spektakllar ham turli mukofotlarga sazovor bo’ldi. «Chiyali bozordagi hangoma», «Mo»jizaviy daraxt», «manqurtlarga bermang dunyoni» kabi teatrlashgan tomoshalari ham muvaffaqiyat qozondi. Teatrning badiiy rahbari va bosh rejissyori — Isxoq To’rayev. Muhsin Qodirov.