ESKI O’ZBEK TILI

ESKI O’ZBEK TILI — turkiy tillarning qarluq guruhiga mansub tillardan biri; mahalliy turkiy lahjalar negizida o’zidan oldingi davrlar (masalan, Qoraxoniylar— 11 —12-asrlar; Oltin O’rda — 13-14-asrlar)ning adabiy-lisoniy an’analari ta’siri ostida shakllangan va 14-asr 2-yarmidan 19-asr oxirlarigacha mavjud bo’lgan yozma kitobiy til. O’zbek tili tarixi-ni davrlashtirish va bunda Eski o’zbek tilining o’rni va qaysi davr (yillar)ni qamrab olishi haqida yagona fikr mavjud emas. O’zbek tili tarixini davrlashtirish bo’yicha rus olimlaridan S.E.Malov, P.M.Melioranskiy, A.N.Samoylovich, A.K.Borovkov, A.M.Shcherbak, Venger olimi ya.Ekman, o’zbek olimlaridan o.Usmonov, G’.Abdurahmonov, U.Tursunov bilan B.O’rinboev, Amuxtorov bilan U. Sanaqulov va boshqalarning tadqiqotlari mavjud (ularning ba’zilarida «Eski o’zbek tili» termini o’rnida «turkiy», «Chig’atoy tili», «O’rta Osiyo turkiy adabiy tili» terminlari qo’llangan). Eski o’zbek tili qadimgi turkiy tilning bevosita davomi va hozirgi o’zbek tilining asosi hisoblanadi. Ayrim ilmiy manbalarda «Chig’atoy tili» deb ham ataladi, ammo Eski o’zbek tilining Chig’aytoyga, mo’g’ullarga hech qanday aloqasi yo’q, buning ustiga o’sha davr yozuvchi va shoirlari o’z tillarini turkiy (til) deb nomlaganlar. Qarluq, o’g’uz, qipchoq guruhlariga mansub turkiy tillar o’rtasidagi mintaqaviy variantlashuv (o’zgarishlar) va jadal, samarali aloqamunosabatlar tufayli kelib chiqqan turli lahjaviy shakllarni o’z ichiga olgan Eski o’zbek tili umumlahjaviy (barcha lahjalar uchun umumiy) xususiyatga ega bo’ladi. Bu xususiyat ko’plab Arabcha, forscha o’zlashmalar, shuningdek, Arab grafikasining qo’llanishi oqibatida yanada chuqurlashadi, murakkablashadi. Buning natijasida Eski o’zbek tilidagi asarlar Bosfordan Oltoy va Hindistongacha cho’zilgan hududda yashovchi turkiyzabon xalqlar tomonidan keng o’qiladigan bo’lgan. Shuni aytish kerakki, Arabcha, forscha so’z va iboralarning ko’plab qo’llanishi va uslubiy vositalar sababli kitobiy til jonli tildan jiddiy farq qilgan. Yozma adabiyotning kam tarqalganligi tufayli lahja xususiyatlari saqlanib qolgan. Bunday xususiyatlar adabiy asarlarda ham ma’lum darajada o’z aksini topgan. Farg’ona va Movarounnahrda yozilgan adabiy asarlar tili bilan Xorazmda yozilgan adabiy asarlar tili urtasida ma’lum lahjaviy farqlar sezilib turgan. Eski o’zbek tilining ilk shakllanish davrida (13-14-asrlar) bu narsa yaqqol ko’rinar edi, keyinchalik esa bunday lahjaviy xususiyatlar aralashib ketadi. Masalan, Xorazmiyning «Muhabbatnoma» va Said Ahmadning «Taashshuqnoma» asarlarida o’g’uz lahjasi xususiyatlari, Qutbning «Xusrav va Shirin» asarida qipchoq lahjasi xususiyati o’z aksini topgan bo’lsa, 16-asrga oid «Boburnoma»da qarluq, o’g’uz va qipchoq lahjalarining xususiyatlari aralash holda qo’llangan. Shu tariqa lahja xususiyatlari asta-sekin yo’qola borib, 15-16-asrlarda yagona, umumiy adabiy til xususiyatlari asosiy o’rinni egallaydi. Eski o’zbek adabiy tili ancha keng hududga yoyilib, uning barqarorlashgan me’yorlari asosida yozuvchi va shoirlar 19-asr oxiri — 20- asr boshlarigacha ijod qilib keldilar. Eski o’zbek tili Alisher Navoiy davrida, uning asarlarida o’z rivojining eng yuqori pog’onasiga ko’tarildi. Shoir o’zining o’nlab nazmiy va nasriy asarlari bilan bu tilni kamolotga yetkazdi, uni davlat tili darajasiga olib chiqishga harakat qildi. U nafaqat o’sha va keyingi davrlar o’zbek adabiy tilining asoschisi, rivojlantiruvchisi, balki tadqiqotchisi hamdir. Navoiy o’zining «Muhokamat ullug’atayn» asarida Eski o’zbek tili (turkiy)ni fors tiliga qiyoslash asosida uning fonetik, leksik va grammatik sohalarda rivojlangan til ekanligini nazariy jihatdan asoslab, ko’rsatib beradi. Boburning nasriy asari «Boburnoma» Navoiyning nasriy asarlaridan tilining ancha soddaligi, jonli tilga yaqinligi bilan hatto hozirgi zamon o’quvchisiga ham tushunarlidir. Alisher Navoiydan keyin yaratilgan nasriy asarlar va ayrim dostonlarda Eski o’zbek tilining an’anaviy me’yorlaridan bir oz uzoqlashish, uni xalq tiliga yaqinlashtirish tamoyili kuzatiladi. Ko’plab she’riy asarlarda, g’azallarda esa eski o’zbek adabiy tili an’analari davom etadi. 19-asrning 2-yarmiga kelib nasriy asarlargina emas, nazmiy asarlar ham jonli tilga yaqinlashadi. Muqimiy, Furqat, Zavqiy va boshqalar shoirlarning asarlari ana shular jumlasidandir. Ayni shu davr, ya’ni 19-asr oxiri — 20-asr boshlari eski o’zbek adabiy tilidan hozirgi o’zbek adabiy tiliga o’tish bosqichi hisoblanadi. Ad.: Borovkov A.K., Alisher Navoi kak osnovopolojnik uzbekskogo literaturnogo yaznka. — SB.: «Alisher Navoi», M.— L., 1948; Mutallibov S, morfologiya va leksika tarixidan qisqacha ocherk, T., 1959; Shcherbak A.M., Grammatikastarouzbekskogo yaznka, M.—L., 1962; Abdurahmonov G’., Shukurov Sh., O’zbek tilining tarixiy grammatikasi, T., 1973; Tursunov U., O’rinboev B., O’zbek adabiy tili tarixi, T., 1982; Muxtorov A., Sanaqulov U., O’zbek adabiy tili tarixi, T., 1995. Abduvahob Madvaliev, Ergash Umarov.