TO’XTABOYEV XUDOYBERDI

TO’XTABOYEV XUDOYBERDI (1932.17.12, O’zbekiston tumani) — O’zbekiston xalq yozuvchisi (1991). O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1982). Qo’qon pedagogika bilim yurtini (1949), O’rta Osiyo universitetini tugatgan (1955). O’rta maktabda o’qituvchi va direktor (1955— 58), «Toshkent haqiqati» gazetasida adabiy xodim, bo’lim mudiri (1958— 62), «Sovet O’zbekistoni» (1962-70) gazeta, «Guliston» jurnalida (1970-72), «Yosh gvardiya» nashriyotida (1972) bo’lim mudiri va bosh muharrir o’rinbosari (1974— 76), «gulxan», «yosh kuch» jurnallarida bosh muharrir (1977— 80), «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg’armasi boshqaruvi raisi (1980-1998). Dastlab jurnalist sifatida tanilgan, feletonlar yozgan. Badiiy ijod bilan 20-asr 50-yillarida shug’ullana boshlagan. Ilk hikoyalar to’plami — «shoshqaloq» (1961). «Feletondan keyin» (1962), «sir ochildi» (1963), «sehrli qalpoqcha» (1964) singari qissalari, «muhabbat qo’shig’i» (1967), «Jonginam, shartingni ayt» (1969), «Konizar yulduzlari» (1978), «Omonboy bn Davronboy sarguzashti» (1974) va b. asarlar muallifi. «Sariq devni minib» romani (1968) yozuvchiga katta Shuhrat keltirgan. Shundan keyin «Sariq devning o’limi» (1973), «besh bolali yigitcha» (1976), «Qasoskorning oltin boshi» (1981), «yillar va yo’llar» (1983), «Shirin qovunlar mamlakati» (1986), «mungli ko’zlar» (1988), «Jannati odamlar» (1996) romanlari nashr etildi. To’xtaboyev asarlari yumorga boyligi, bolalar hayoti, ularning o’ziga xos tabiati, xususiyatlari, ruhiy kechinmalari nihoyatda jonli, qiziqarli va bolalarbop yo’sinda mahorat bn tasvirlanishi jihatidan ajralib turadi. To’xtaboyev o’zbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkorlardan biridir. Asarlari dunyoning ko’pgina tillariga tarjima qilingan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).