YENSEN (JENSEN) YOXANNES VILGELM

YENSEN (JENSEN) YOXANNES VILGELM (1873.20.1, farse, Yutlandiya — 1950.25.11, Kopengagen) — Daniya yozuvchisi. Yensenning ilk romanlari «daniyaliklar» (1896) va «Eynar Elker» (1898). «Ximerland tarixlari» (1898— 1910) hikoyalar to’plamida Yensen Shimoliy Yutlandiya tabiati, aholisining turmushini tasvirlagan. «Qirolning qulashi» (1-3-qismlar, 1900-01) tarixiy romani o’rta asrdagi Daniya dehqonlarining ijtimoiy adolat uchun kurashi to’g’risida. Yensen gotik irq deb atalmish irqqa qayta hayot baxsh etishni targ’ib qildi. Yozuvchining irqiy-biologik nazariya bilan qiziqishi «Olis yo’l» epopeyasida o’z ifodasini topdi (1-6-qismlar, 1908-22) va shu asari uchun Yensen Nobel mukofoti laureati bo’ldi (1944). «D.’Ora xonim» (1904) va «g’ildirak» (1905) romanlarida kapitalistik Amerika hayotiiing haqqoniy manzaralari berilgan. Yensen «She’rlar» (1906), «afsonalar» (1907-44), «yillar daqiqasi» (1923), «Yutlandiya shamoli» (1931) tuplamlari muallifi. Yensen ijodiga realizmni modernistik uslub bilan uyg’unlashtirish xos.