YOXANNESBURG
YOXANNESBURG —JARdagi shahar, Transvaal provintsiyasida. Aholisining soni jihatidan mamlakatdagi katta shaharlardan: 1,9 million kishi (1991). Yoxannesburg 1886 yilda oltinga boy konlar yonida vujudga kelgan. 1899-1902 yillardagi Angliya-Burlar urushi davomida Yoxannesburgni inglizlar bosib oldi. 1910 yilda Janubiy Afrika Ittifoqi tarkibiga kiritildi. 1955 yilda janubiy Afrikaning irqchilikka qarshi Kongressi Yoxannesburgda Ozodlik xartiyasini qabul qildi. Yoxannesburg — Jarning eng katta savdo va sanoat markazi. Yirik temir yo’l tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Yoxannesburg va uning atrofida metallsozlik, mashinasozlik (kon mashinalari va boshqalar), kimyo, poligrafiya, to’qimachilik, elektrotexnika, qismlardan avtomobil yig’ish, ko’n va oziq-ovqat sanoati korxonalari, olmosga sayqal beruvchi fabrikalar, yirik elektr stansiyalar mavjud. Shaharda asosiy kon va moliya kontsernlarining boshqarmalari, fond birjalari joylashgan. Universitet, astronomiya rasadxonasi, ratusha binosi (1915), sobor (1926), kutubxona, teatr (1962), banklar va boshqalar bor.