YUMG’ON
YUMG’ON — o’rta asrlarda Badaxshonning Janubiy-sharqida joylashgan tarixiy tog’li tuman va shahar nomi. 7-asr Xitoy manbalarida (Syuan Szan) Inpokyen mulki sifatida qayd etilgan. «Yumg’on» atamasi «qama kon», ya’ni «hamma yeri kon» ma’nosini anglatgan, chunki ushbu tog’li tumanda turli-tuman katta konlar mavjud bo’lgan. Mahmud ibn Valining yozishicha, qadimda Yumg’on butun Badaxshonning poytaxti bo’lgan. B. A. Ahmedovning fikricha, bu shahar hozirgi Fayzobod o’rnida bo’lib, Juzun deb ham atalgan. Ba’zi manbalarga ko’ra, milodiy 861-862 yillarda Yumg’ondagi qattiq zilzila natijasida shahar vayron etilgan. Biroq tez orada shahar tiklanib, 17-asrda mustahkam shahar sifatida ma’lum bo’lgan. Taxminan 1059-63 yillarda mashhur shoir Nosir Xisrav Balxdan Yumg’onga qochib kelgan va umrining oxirigacha shu yerda yashagan. U bu yerda ko’plab ajoyib binolar, g’aroyib inshootlar, jumladan, zamonasining mo’jizasi hisoblangan katta hammom qurdirgan, biroq 17-asrda hammom saqlanib qolmagandi. Nosir Xisrav vafotidan so’ng Yumg’on yaqiniga dafn etilgan. 9-10-asrlarda, Somoniylar davrida Yumg’onda zarbxona bo’lib, kumush dirhamlar zarb qilingan. Ad.: Ahmedov B., Istoriya Balxa, T., 1982; Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristona po yaraboyazichnim istochnikam IX – nachala XIII vv., T., 1996