YO’LCHIYEVA MUNOJOTXON ABDUVALIYEVNA
YO’LCHIYEVA MUNOJOTXON ABDUVALIYEVNA (1960.26.11, Buloqboshi tumani) — xonanda. O’zbekiston xalq artisti (1994). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1985). Ana’naviy xonandalik va maqom san’ati sirlarini M. Mirzayev va O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Sh. Mirzayevlardan o’rgangan. O’zbekiston teleradioqo’mitasining «maqom» ansamblida (1980-82), M. Qoriyoqubov nomidagi O’zbek davlat filarmoniyasi (1982 yildan, 1996 yildan «O’zbeknavo»)da xonanda. Repertuaridan maqom yo’llari («Saraxbori Navo», «Saraxbori Dugoh», «Mo’g’ulchai Navo», «Talqini Ushshoq» va boshqalar), o’zbek mumtoz va xalq ashulalari («Ushshoq», «Munojot», «Chorgoh», «Tanavor», «O’zgancha», «Girya» va boshqalar), katta ashulalar («Ey, dilbari jononim», «Ishqing o’tig’a» va boshqalar), o’zbek bastakorlari asarlari — «nihon etdi», «mehnat ahli» (M. Mirzaev), «bul ajab», «Qayondir», «Ra’no kibi» (Sh. Mirzaev) va boshqalar o’rin olgan. Hofiza o’zining noyob ovozi, chuqur hissiyot va dardli nolalarga boy ijrosi, o’ziga xos, yurakdan kuylash uslubi bilan ajralib turadi. Bastakor va sozanda Sh. Mirzayev boshchiligidagi musiqachilar guruhi bilan Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika mamlakatlarida bir necha marta gastrolda bo’lgan. Yo’lchiyeva ijro etgan ashulalari gramplastinka (Toshkent, 1981) va kompakt disk (Frantsiya, 1995; Germaniya, 1997)larga yozilgan. Uning ijodiga bag’ishlangan 2 film («O’zbekkinoxronika» studiyasi, 1982; «O’zbektelefilm» studiyasi, 1983) va 3 videofilm («O’zbekteleradiokompaniyasining «videofilm» studiyasi, 1987, 1993, 2000) suratga olingan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1998). «Sharq taronalari» 1-xalqaro musiqa festivalida 1-mukofot sovrindori (1997).