YO’RMA
YO’RMA — badiiy chok turi; kashtado’zligda zanjirsimon ko’rinishga ega. Igna, ilmoqli bigiz bilan tikiladi. Yo’rma chokida tikilganda matoning o’ng tomonida halqalar zanjiri, teskari tomonida esa to’g’ri chiziqlar hosil bo’ladi. Ilmoqli bigiz bilan kashta tikayotganda matoning eng quyi qismidan boshlab yuqoriga tomon tikiladi. Dastlab bigiz sanchilib matoning orqa tomoniga o’tkaziladi, unga kashtado’z orqa tomonidan bir qo’l bilan tutib turgan ipni ilintirib ipni matoning o’ng tomoniga chiqaradi, bigiz yana sanchiladi, mato yuzasida halqa hosil bo’ladi. Shu tarzda halqalar zanjiri vujudga keladi. Igna bilan tikkanda yuqoridan pastga tomon tikiladi. Ignaga o’tkazilgan ip mato yuzasida bir qo’l bilan ushlab turiladi, sanchilib chiqqan igna bilan halqa hosil qilinadi. Yo’rma choki bila ko’pgina jiyaklar, bezak buyumlarning hoshiyalari, shuningdek, katta kashtalarning ayrim qismlari tikiladi. Yo’rma choki tikuv mashinada qam tikiladi, mashina choki popur nomi bilan mashhur. Buxoro, Samarqand, Qashqadaryoda kashtalarning asosiy qismi shu chokda tikiladi.