YEVROPA TIKLANISH VA TARAQQIYOT BANKI

YEVROPA TIKLANISH VA TARAQQIYOT BANKI (ETTB) (The European Bank for Reconstrustion and Development) — Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari, shuningdek, MDH ga a’zo mamlakatlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga yordam ko’rsatuvchi xalqaro bank. 1990 yilda 42 a’zo mamlakat hukumatlari tomonidan 10 milliard EKYu mablag’ bilan tashkil etilgan. 1991 yildan faoliyat olib boradi. Shtab-kvartirasi Londonda. ETTB bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida bo’lgan mamlakatlarda amalga oshirilayotgan islohotlar (davlat mulki va korxonalarini xususiylashtirish hamda monopoliyadan chiqarish; tadbirkorlikni rivojlantirish; ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish va moliya sektorlariga investitsiyalarni jalb etish; kapital bozorini shakllantirish va hokazolar)ga moliyaviy yordam ko’rsatadi va ularning jahon iqtisodiy hamjamiyatiga tezroq qo’shilishiga ko’maklashadi. Bank kichik va o’rta biznesni qo’llab-quvvatlash va tadbirkorlar sinfini shakllantirish masalalariga katta e’tibor beradi, transport, energetika, ishlab chiqarish sohalaridagi yirik infratuzilma loyihalarini moliyalashda ishtirok etadi. Bank resurslarining kamida 60% xususiylashtirilayotgan davlat korxonalari yoki xususiy sector korxonalariga, 40% infratuzilma yoki boshqa loyihalarga yo’naltiriladi. 1997 yilda bank tomonidan Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda moliyaviy ta’minlagan loyihalar qiymati 240 million EKYuni tashkil etdi. O’zbekiston 1992 yil boshida ETTBga a’zo bo’ldi va shu yili Toshkent shahrida uning vakolatxonasi ochildi. 1993 yildan O’zbekistonda loyihalarni amalga oshirishda ishtirok eta boshladi. 1994 yil 10 yanvarda ETTBning direktorlar kengashi O’zbekiston Respublikasiga loyihalarni moliyalash masalalari bo’yicha salbiy garov shartlarini bekor qildi. ETTB O’zbekistonda moliyaviy sektor va bank infratuzilmasini rivojlantirish, energetika majmui, turizmni rivojlantirish, kichik va o’rta biznesni qo’llab-quvvatlash, bozor infratuzilmasini shakllantirish, tabiiy resurslarni o’zlashtirish, paxtani qayta ishlash va yengil sanoatning boshqa tarmoqlarini taraqqiy ettirish kabi etti yunalishda faoliyat yuritadi. ETTB Farg’ona neftni qayta ishlash zavodini jihozlash (umumiy qiymati 81,5 million EKYu); energetika ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va Sirdaryo GRESning xalqaro andozalarga muvofiqligini ta’minlashga qaratilgan (umumiy qiymati 25,2 million EKYu) va Toshkent xalqaro aeroportini ta’mirlash, shuningdek, xavfsizlikni oshirish uchun maxsus jihozlar sotib olish (umumiy qiymati 43,5 million EKYu) loyihalarni amalga oshirish uchun kreditlar ajratdi. Hozirgi vaqtda O’zbekistonda ETTB ishtirokida umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollaridan ortiq bo’lgan 15 loyiha amaliyotga joriy etilmoqda (bunda bankning bevosita moliyalashdagi ulushi 597,7 million AQSh dollariga teng). Xususan, ETTB tomonidan O’zbekistonda o’rta va kichik biznesni rivojlantirish maqsadida 120 million AQSh dollaridan iborat kredit berildi. Shundan 60 million AQSH dollari hukumat kafolatisiz O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga, 60 million dollari esa hukumat kafolati bilan boshqa tijorat banklariga berilgan (2001). Ashur Qodirov.