YER REKULTIVATSIYASI
YER REKULTIVATSIYASI, landshaft rekultivasiyasi (lotincha re — qaytarish, tiklash ma’nosini beradigan old qo’shimcha; cultivo — ishlov beraman, yetishtiraman) — foydali qazilmalarni qazib olish, suv inshootlari qurish, shaharlar qurilishi va boshqa sabablarga ko’ra foydalanishga yaroqsiz bo’lib qolgan yerlarni qayta tiklash, atrof muhit sharoitlarini, ekologik holatlarni yaxshilashga qaratilgan tadbirlar majmui. Yer rekultivatsiyasi asosiy vazifasi tuproqning buzilgan unumdor qatlamini tiklash va qishloq xo’jalik yoki o’rmon xo’jaligini samarali yuritishni ta’minlaydigan sharoitni yaratishdan iborat. O’zbekiston Respublikasida, jumladan sug’orma dehqonchilik hududida uchraydigan yaroqsiz holga keltirilgan yer turlariga quyidagilar kiradi va Yer rekultivatsiyasiga muhtoj hisoblanadi: qurilish uchun materiallar qazib olingan (qum, shagal, tosh va boshqalar) yerlar; gaz va neft mahsulotlarini qidiruv-tekshirish ishlari va ulardan foydalanishga ajratilgan yerlar; sug’orish, zax qochirish, yo’l tarmoqlarini qurish va ta’mirlash oqibatida me’yordan ortiqcha band bo’lgan pastliklar, do’ngliklar yoki chuqurliklarning paydo bo’lish natijasida unumdor qatlami buzilgan yerlar; turli qurilish inshootlari va binolarni barpo etishda yerlarning vaktincha foydalanishga ajratilgan qismi va boshqalar. Yer rekultivatsiyasi 2 bosqichdan iborat tadbirlar yordamida amalga oshiriladi: texnik va biologik. Dastlab yaroqsiz yerlarni aniqlash, o’rganish, istiqbolda foydalanish rejasini tuzish va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish kabi tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi. Yer rekultivatsiyasining texnik bosqichi xalq xo’jaligi uchun yerni maqsadli foydalanishga tayyorlash bo’lsa, biologik bosqich da esa landshaft va tuproqni qayta tiklash, qishloq yoki o’rmon xo’jaligi uchun yarokli holga keltirish tadbirlari amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi hududida 200 ming gektar yaroqsiz holga keltirilgan yerlar mavjud bo’lib, shundan 65 ming gektar qishloq xo’jalik tarmoqlari yaxshi rivojlangan hududlarga to’g’ri keladi (2000). Ular asosan sug’orish, zax qochirish va yo’l tarmoqdarini qurish oqibatida paydo bo’lgan. Ularni qishloq xo’jalik oborotiga qaytarish natijasida har yili qo’shimcha 300-400 ming tonna paxta va ko’plab sabzavot, meva hamda chorvachilik uchun zarur bo’lgan yem-xashak yetishtirish mumkin. Qosimjon Rahmonov.