YER RESURSLARI
YER RESURSLARI — xalq xo’jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish mumkin bo’lgan yerlar. O’zbekistonda Yer resurslari tarkibiga foydalanib kelinayotgan yerlar va istiqbolda foydalanish mumkin bo’lgan yerlar kiradi. Yer resurslari maydoni va sifati jihatidan baholanadi. Yer resurslaridan foydalanish darajasini tahlil etish va ularning samaradorligini aniqlash natijasida yer maydoni birligiga to’g’ri keladigan yalpi va sof daromad, mehnat unumdorligi aniqlanadi hamda yer egaliklari va yerdan foydalanuvchilar faoliyatiga baho beriladi. O’zbekiston Respublikasida Yer resurslari shartli ravishda quyidagi tartibda taqsimot qilingan: yer turlarining toifalari bo’yicha (qishloq xo’jaligi; aholi yashash joylari; sanoat, transport, mudofaa, aloqa va boshqa maqsadlar uchun; o’rmon xo’jaligi, gidrotexnika va boshqalar suv xo’jalik inshootlari uchun; tabiat muhofazasi, sog’lomlashtirish, rekreatsion va tarixiy-madaniy ahamiyatga ega yerlar; zaxira yerlari); yer egaliklari va yerdan foydalanuvchilar bo’yicha; Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlar bo’yicha.