YER TURLARINI O’ZGARTIRISH

YER TURLARINI O’ZGARTIRISH — yerdan foydalanishning bir turini boshqasi bilan almashtirish; yerdan unumli foydalanish yoki tuproq eroziyasining oldini olish maqsadlarida qo’llaniladi. Bunday tadbir foydalaniladigan qishloq xo’jalik yerlarini joylashtirishdagi kamchiliklarni tugatish hamda qishloq xo’jlik yerlarining tarkibi va nisbatini tartibga keltirishga qaratilgan. O’zbekistonning sug’orma dehqonchilik mintaqalarida Yer turlarini o’zgartirish tamoyillaridan biri — xo’jalikka biriktirilgan yer maydonidan maqsadga muvofiq va to’liq foydalanishni ta’minlashdan iborat. Yer turlarini o’zgartirish hajmi va uni amalga oshirish yo’llari asosan xo’jalikda yerlardan yanada unumliroq foydalanish istiqbollari belgilanadigan yer tuzishda aniqlanadi. Yer turlarini o’zgartirish iqtisodiy jihatdan asoslanadi: bunda Yer turlarini o’zgartirishga ketadigan bir yo’la xarajatlar, bu yerlardan foydalanish tufayli olinadigan qo’shimcha sof daromad, ekinzorlarni daraxtzorlarga aylantirish natijasida yo’qotiladigan mahsulot, shuningdek, bu xarajatlarning qoplanishi hisobga olinadi. Yerdan foydalanishda va uni tarmoqlar hamda tarmoq ichidagi taqsimoti jarayonlarida bir toifadan boshqa toifaga o’tkazish bo’yicha tadbirlar ham qo’llaniladi. Bunda Yer turlarini o’zgartirish yerlardan asosiy foydalanish maqsadi o’zgargan taqdirda amalga oshiriladi. Yerlarni yer toifalariga bo’lish va bir toifadan boshqasiga o’tkazish yerni egalik qilishga va foydalanishga berish huquqiga ega bo’lgan idoralar tomonidan amalga oshiriladi. Yer turlarini o’zgartirish yer uchastkalariga bo’lgan huquqni berish to’g’risidagi qarorlarda, uni tasdiqlovchi guvohnomalarda, shartnomalarda va davlat yer kadastri hujjatlarida ko’rsatiladi. Ad.: O’zbekiston Respublikasining Yer kodeksi va qishloq xo’jaligiga oid qonun hujjatlari, T., 1999.