YERMAK
YERMAK, yarmoq (asl ismi Vasiliy) Timofeyevich (7-1585.6.8) — kazak atamani. Podsho Ivan IV ko’lida xizmat qilgan. Sibirga qilgan yurishi bilan Rossiyaning Sibirni bosib olishini boshlab berdi. Katta No’g’oy o’rdasi xoni Urmuhammad, Yermak 1581 yil yozida uning 1060 bosh otini haydab ketgani uchun Ivan IV dan Yermakni tutib berishni so’rab, elchi jo’natadi. Ivan IV rozi bo’ladi. Yermak o’z to’dasi bilan Volga bo’ylarini tashlab, Kama daryosi havzasidagi tuz konlari egasi katta sanoatchi Stroganovlar mulkiga kelishga majbur bo’ladi. Stroganovlar Yermakdan o’z mulklarini Sibir xoni Kuchumxonaai qo’riqlashni so’raydi. 1582 yil Yermak kazaklari bilan Sibirning ichkarisigacha yurish qiladi. 1582 yil Irtish bo’yida 3 kunlik (23-25 oktabr) jangda Kuchumxonning qo’shinini yengib poytaxt Qoshlik (Tobolskdan 17 kilometr uzoqlikda) ni egallaydi. Yermak Qoshliqda 2 yil turadi. Yermak 100 nafar kazagi bilan qo’shinlarni ozuqa va kiyim bilan ta’minlash uchun Irtishning yuqori oqimiga qarab yurib, Begish qal’asini egallaydi. Yermakni katta kuch bilan ta’qib qilib yurgan Kuchumxon unga qarshi Kuchugay boshliq qo’shinni jo’natgan. 1585 yil 6 avgustga o’tar tunda to’satdan qilingan hujum natijasida Yermak drujinasi tor-mor qilingan. Yermak yarador holda Vagay daryosidan suzib o’tish chog’ida cho’kib o’lgan. Yermak drujinasining qolgan-qutganlari Qoshlikni tashlab qochganlar. Ad. Nikitin N. I., Osvoenie Sibiri v XVII v., M., 1990; Shuikov V. I., Ocherki po istorii kolonizasii Sibiri v XVII — nach. XVIII v., M.-L., 1946; Skrinnikov R. G., Sibirskaya ekspedisiya ermaka, Novosibirsk, 1986. Naim Norqulov.