«G’AZALKENT TOSHGA ISHLOV BERISH KOMBINATI» AKTSIYADORLIK JAMIYATI
«G’AZALKENT TOSHGA ISHLOV BERISH KOMBINATI» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — tabiiy toshlardan qurilishda ishlatiladigan qoplama pardozlash plitalari ishlab chiqaradigan yirik korxona. «O’zqurilishmateriallari» aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi. Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanidagi G’azalkent shahrida joylashgan. 1946 yilda birinchi tsex qurilib, mahsulot bera boshlagan. 1970 yil 5 iyulda zamonaviy kombinat kompleksi ishga tushirilgan. 1994 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. Oqsoqota marmarini qazib oladi va Sevasoy, Ko’ksaroy, Langar, Miskinsoy graniti, Belovti gabbrosidan va Oqsoqota marmaridan turli xil o’lchamdagi plitalar ishlab chiqaradi. Korxonaning yillik granit plitalari ishlab chiqarish quvvati 60 ming metr kvadrat. 1999 yildan Italiyaning «Breton» firmasi dastgohlari biln jihozlangan. Korxonada ishlab chiqarilgan granit plitalari Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi katta opera va balet teatri, Farg’ona shahrida Farg’oniy maqbarasi, Samarqand shahrida Amir Temur majmuasi, Termiz shahrida at-Termiziy majmuasi, Toshkent shahrida Oliy Majlis binosi, metropoliten qurilishlarida ishlatilgan. Korxonada ishlab chiqarilgan granit mahsulotlari Rossiya, Qozog’iston, Ukrainaga eksport qilinadi. Moskva shahrida korxonaning savdo uyi ochilgan.